Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov kazinolar faoliyatini qonuniylashtiruvchi hujjatlarni imzoladi, deb yozadi 24.kg. 22 iyun kuni qonunlar Jogorku Kenesh tomonidan qabul qilingan. Avvalroq Qirg‘izistonda qimor o‘yinlariga nisbatan to‘liq qonuniy taqiq qo‘yilgan edi.

Yangi qonunlarning maqsadi sarmoya kiritish uchun qulay shart-sharoit yaratish orqali davlat budjetiga qo‘shimcha resurslarni jalb etishdan iborat, deb xabar qildi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati.

Faqat MCHJ yoki YOAJ shaklidagi yuridik shaxslar 10 yil muddatga berilgan litsenziya asosida qimor o‘yinlari faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Qimor o‘yinlari muassasalari turar-joy binolarda, universitetlar, maktablar, bolalar bog‘chalari va boshqa ta’lim muassasalari, tibbiyot, diniy va madaniyat muassasalari binolarida joylashgan bo‘lishi mumkin emas.

Qirg‘iziston fuqarolari, 21 yoshga to‘lmagan chet el fuqarolari, shuningdek, muomalaga layoqatsiz xorij fuqarolari qimor o‘yinlarining mijozlari bo‘la olmaydi.

O‘zbekistonda kazino, shu jumladan virtual, totalizatorlar va boshqa qimor o‘yinlarini tashkil etish taqiqlangan.

2019 yilda Mo‘ynoqda qimor zonasi tashkil etish rejalari haqida ma’lum qilingandi, biroq qonunchilik bunga ruxsat bermagani uchun bu ishlar davom ettirilmagan.

O‘sha yili prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, unga ko‘ra 2021 yil 1 yanvardan bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish nazarda tutilgan. Bu sport, ayniqsa, futbol rivojiga yordam berishi kutilgandi. Lekin, keyinroq O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish bekor qilindi.