30 iyun kuni Rossiya Ukrainaning Qora dengizdagi “Zmeiniy” orolidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqdi. RF Mudofaa vazirligi bu “yaxshi niyat qadami sifatida” qilinganini va Rossiya Qurolli kuchlari “orolda o‘z vazifalarini bajarganini” ta’kidladi.

“Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi BMTning Ukraina hududidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun gumanitar yo‘lak tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilmayotganini jahon hamjamiyatiga namoyish etdi”, — deya ma’lum qildi RF Mudofaa vazirligi.

May oyida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyani Ukraina portlaridan g‘alla xavfsiz olib chiqilishini ta’minlashga chaqirgandi. Ukraina fermerlarining so‘zlariga ko‘ra, urushdan oldingi davrda eksportning 90 foizi — har oyda 5 mln tonnaga yaqin don ushbu portlar orqali olib ketilgan.

RF Mudofaa vazirligi bayonotida shunday deyiladi: “Endi so‘z Ukraina tomonida, u hali ham o‘z qirg‘oqlari yaqinidagi Qora dengiz sohillarini, shu jumladan port akvatoriyalarini minalardan tozalamayapti”.

“Zmeiniy” — Qora dengizdagi quruqlik maydoni 0,2 kv. kmdan iborat bo‘lgan va sohildan 35 km masofada joylashgan orol. Orol uchun janglar urushning birinchi kuni — 24 fevralda rus qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilib, bosib olinishi bilan boshlangan. 14 aprel kuni Rossiya Qora dengiz flotining flagmani, uni qo‘lga olishda ishtirok etgan “Moskva” kreyseri “Zmeiniy” yaqinida cho‘kib ketdi. Ukraina tomoni kema Ukraina sohilidagi kemalarga qarshi “Neptun” kompleksidan ikkita raketa yordamida urilganini ma’lum qildi. Rossiya tomonining xabar berishicha, yong‘indan keyin kemada portlash sodir bo‘lgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z bayonotida shunday degandi: “Bugungi kunning asosiy so‘z — „Zmeiniy“. Ehtimol, Zmeiniy haqida yana rus kemasi orolga kelgan vaqtida ko‘p gapirilgandir. Keyin kema abadiyatga jo‘nab ketdi — endi esa orol yana ozod”.

“Zmeiniy” oroli — strategik nuqta va bu Qora dengizdagi vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartiradi. Bu hali xavfsizlikni kafolatlamaydi, dushman qaytib kelmasligini ham kafolatlamaydi. Ammo bu allaqachon bosqinchilarning harakatlarini cheklay boshladi. Qadamba-qadam ularni dengizimizdan, zaminimizdan, osmonimizdan haydab chiqaramiz", — dedi u.