O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faoliyatida bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Bu Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlandi.

Oliygohga o‘qishga qabul qilishda qonunchilik talablari buzilib, qabul jarayonlarining shaffofligi ta’minlanmagani aytilmoqda.

“Xususan, 6 mingdan ortiq abituriyentning ijodiy imtihon natijalari video tasvirlari saqlanmagan, ijodiy imtihon topshirgan 92 nafar abituriyentning titul varaqalari yuritilmagan va yozma imtihonlar olinmagan, 77 ta abituriyentning amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi ta’minlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan”, — deyiladi xabarda.

Oqibatda, ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilingan 132 nafar talabaning 27 foizi 1-semestr yakuni bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan.

Shuningdek, Davlat qabul komissiyasi tomonidan institutga ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha kunduzgi ta’limga qabul qilishga ruxsat etilgan bo‘lsada, sirtqi ta’limga ham ayrim talabalar qabul qilingan.

“Bundan tashqari, institutning shtatlar jadvaliga 10 ta shtat birliklari ortiqcha kiritilib, 327 mln so‘m asossiz sarflangan, haqiqatda o‘tilmagan 1588 soat darslari uchun 89 mln so‘m to‘lanib, budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan”, — deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.

Aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.