Foto: Anzor Buxarskiy
O‘zbekiston bo‘ylab avtosayohat: qayerga borish, nimada yurish va nimalarga tayyorgarlik ko‘rish kerak?
O‘zbekiston bo‘ylab avtosayohatdan unutilmas taassurot olishni xohlovchilar uchun Timur No‘monovdan maslahatlar.
Foto: Anzor Buxarskiy
O‘zbekiston bo‘ylab avtosayohat:
qayerga borish, nimada yurish va nimalarga tayyorgarlik ko‘rish kerak?
O‘zbekiston bo‘ylab avtosayohatdan unutilmas taassurot olishni xohlovchilar uchun Timur No‘monovdan maslahatlar.
Timur No‘monov tajribali avtosayohatchi. Uning taassurotlar jomadonida 20 dan ortiq turli mamlakatlar bor, endi esa u butun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga qaror qildi.

Muallif “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston bo‘ylab avtosayohatga qanday to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytib berdi. Timur No‘monovning maslahatlari avtomobilda sayohat qilishda qulaylik va xavfsizlikka taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy xatolardan qochishga yordam beradi.
Timur No‘monov tajribali avtosayohatchi. Uning taassurotlar jomadonida 20 dan ortiq turli mamlakatlar bor, endi esa u butun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga qaror qildi.

Muallif “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston bo‘ylab avtosayohatga qanday to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytib berdi. Timur No‘monovning maslahatlari avtomobilda sayohat qilishda qulaylik va xavfsizlikka taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy xatolardan qochishga yordam beradi.
Hamma safar ham sayohat emas
Transportda biror joyga otlanar ekanmiz, odatda belgilangan manzilga tezroq va arzonroqqa yetib borishga intilamiz. Bunga qarshi o‘laroq, sayohatning mohiyati maʼlum masofani bosib o‘tish emas, balki jarayonning o‘zida, yo‘lni o‘rganish va o‘zingizni sinab ko‘rishdan iboratdir. Shu maʼnoda, yakshanba kuni tog‘larda sayr qilish yoki tevarak-atrof bo‘ylab velosipedda sayr qilish ham xorijiy kurortga parvoz qilishdan ko‘ra ko‘proq sayohatga o‘xshaydi.

Avtomobilda sayohat qilishning ko‘plab afzalliklari bor. Jumladan, yuqori darajadagi tafsilotlar va improvizatsiyani saqlagan holda minimal jismoniy kuch bilan katta masofalarni bosib o‘tish mumkin.

Lekin hamma avtomobil safarlarini ham sayohat deb hisoblab bo‘lmaydi. Taksi yoki ijaraga olingan avtomobil haydovchisi yoqilg‘i va vaqtni maksimal darajada tejagan holda ish haqi olishdan ko‘proq manfaatdor. U sizni yaxshi yo‘l infratuzilmasidan uzoqdagi noyob manzillarga eltuvchi eksklyuziv yo‘nalishlardan olib o‘tmaydi. Shuning uchun bunday sayohatlarga mustaqil ravishda borgan yaxshiroq.

Avtomobilda arzonga sayohat qilish – ko‘p hollarda yolg‘ondan boshqa narsa emas. U o‘z ichiga texnik xizmat va zarur inventarlarni sotib olish, avtomobil amortizatsiyasi, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, mehmonxonalarda tunash va ovqatlanish xarajatlarini ham o‘zi ichiga oladi. So‘nggi vaqtlarda bu ro‘yxatga tez-tez yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ehtimoliy jarimalar ham kiritilmoqda.

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘llarning yomon ahvoli va transport infratuzilmasining nomukammalligidan kelib chiqadigan boshqa kamchiliklarga ham ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday sayohat hamma uchun ham mos kelavermaydi.
реклама
реклама
Quyidagilar mavjud bo‘lsa, avtomobilda sayohatni ishonch bilan tavsiya qilish mumkin:
muntazam transport kommunikatsiyalaridan uzoqdagi bir qancha manzillarga shoshilmasdan borishni ko‘zda tutadigan mualliflik yo‘nalishlari;
qulay va ishonchli avtomobil, uni haydashni yaxshi ko‘rish va tegishli tajriba;
uzoq vaqt yo‘lsiz joylarda avtomobilda harakatlanish va odatiy qulayliklardan uzoq sharoitlarda tunashga tayyor hamrohlarga ega bo‘lish.
Zardushtiy sukunat minorasi.
Foto: Anzor Buxarskiy
Sayohat yo‘nalishini tanlash
O‘zbekiston bo‘ylab avtomobilda sayohat qilish – o‘ziga xos falsafaga hamda asosiy ehtiyojlarini taʼminlagan, biroq romantizm va dunyoni anglashga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotmagan feʼl-atvorga ega odamlarga to‘g‘ri keladi. Yetarlicha moddiy imkoniyatlar va bo‘sh vaqtga ega bo‘lganlar uchun.
«Marg‘ilon yaqinidagi Qumtepa bozorida hayratini yashira olmagan ko‘chat sotuvchisini hech qachon unutmayman. Har xil yoshdagi odamlarni – fotograf Anzor Buxarskiyning master-klassi ishtirokchilarini – ko‘rib, u buzuq ingliz tilida qayerdan ekanligimizni aniqlashga urinardi. Unga o‘zbek tilida hammamiz Toshkentdan ekanligimizni aytganimizni ko‘rib, ishonmadi:

– Nahotki O‘zbekistonda obod bo‘lmagan ovloq joylarimizda vaqtini va pulini sarflashga tayyor g‘alati odamlar ham bo‘lsa?!»
Mamlakatimizning sayyohlik salohiyati juda katta, lekin u hatto diqqatga sazovor bo‘lgan asosiy shaharlarda ham to‘liq yuzaga chiqarilmagan. Haqiqiy O‘zbekistonga qiziqsangiz, har doimgi yo‘llardan chiqib ketish kerak.

Bugungi kunda O‘zbekistonda guruh va individual yo‘nalishlarni taklif qiluvchi ko‘plab gid va jamoalar mavjud: “Таинственный Узбекистан” (“Sirli O‘zbekiston”), “Вместе.uz. Туризм”, “Удивительное вместе”. Faol hududiy guruhlar ham mavjud, masalan, “Ферганская долина-Путешествия” (“Farg‘ona vodiysi-Sayohat”). Qoraqalpog‘istonda Orol dengizining sobiq tubi bo‘ylab jip-turlar mashhur. Mavzuli mikrosayohatlar (masalan, etno-foto-avto-master-klasslar) va keng miqyosli anʼanaviy avtopoygalar, jumladan Mo‘ynoq rallisi, davriy Toshkent-Orol poygalari yoki Discover Rally Tour loyihasi doirasidagi avtokvestlar seriyasi mavjud.

Telegram‘da 96 mingdan ortiq obunachi, Instagram‘da 539 ming folloverning sevimli “Open Uzbekistan” maxsus loyihasi mustaqil sayohatlar uchun qiziqarli joylar haqida hikoya qiladi.

Bir necha yillardan buyon “Узбекистан вдоль и поперёк” (“O‘zbekiston eniga va bo‘yiga” – tarj.) avtoekspeditsiyam rejasini tuzib kelyapman: reja bo‘yicha butun mamlakatni qamrab olishi kerak bo‘lgan maʼlumotlarni misqollab yig‘ib, sayohat yo‘nalishini to‘ldirmoqdaman.
Qamchiq dovoniga eltuvchi yo‘ldagi so‘qoq somsa.
Foto: Anzor Buxarskiy
Avtomobilni tanlash va tayyorlash
Har qanday avtosayohatning asosiy elementi, bu – marshrutda aks etgan mohiyatni o‘zida mujassamlashtirgan avtomobilning o‘zi. Safarga nimada ketiladi, degan savolga ushbu yo‘nalishning o‘ziga xosligidan kelib chiqib javob topish kerak.

Butun Farg‘ona vodiysi va Toshkent vohasining tekislik qismini yengil avtomobilda bosib o‘tish mumkin. Agar sayohat rejasida tog‘li joylar, cho‘l bo‘ylab yoki Ustyurt platosi tepaliklari orqali o‘tadigan yo‘l bo‘lsa, yo‘ltanlamas avtomobilsiz buni amalga oshirib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, shaxsiy avtomobilda sayohat qilib, zarurat tug‘ilganida krossoverlarni ijaraga olish imkoniyati ham mavjud. Masalan, Shahrisabzda Hisor tizmasi yon bag‘irlaridagi Ko‘l va G‘ilon kabi go‘zal tog‘ qishloqlariga tashrif buyurish yoki Nukusda sho‘rxokliklar oralab Orol dengizi qoldiqlariga sayohat qilish mumkin.

Bugun Toshkentda har qanday turdagi avtomobillarni ijaraga olish bo‘yicha ko‘plab takliflar mavjud. Yo‘ltanlamas (vnedorojnik) ijarasi arzonga tushmaydi – cheklangan bosib o‘tish masofasi bilan kuniga 750 ming so‘m va undan ortiq.
Yo‘nalishni o‘rganish uchun tanlangan avtomobil turidan qatʼi nazar, u texnik jihatdan soz va to‘g‘ri jihozlangan bo‘lishi kerak. Jo‘nash arafasida mashinaga texnik xizmat ko‘rsatishingiz kerak – “xodovoy” torttirilishi, moy va filtrlar almashtirilishi, texnik suyuqliklar miqdori tekshirilishi, shinalar damlangan bo‘lishi kerak.
Qishda pechkasiz, yozda konditsionersiz bo‘lmaydi. Yukxonada foydalanishga tayyor zaxira g‘ildirak, majburiy avariyaviy to‘xtash belgisi, nur qaytaruvchi nimcha va o‘t o‘chirgichga qo‘shimcha ravishda havo nasosi, kalitlar to‘plami va domkrat bo‘lishi kerak. Hatto xalqaro avtomagistrallardagi avtomobillar ham kutilmaganda shina teshilishidan sug‘urtalanmagan. Qishloq tuproq yo‘llarida yashirinishga yoki mahalliy yo‘lsizlikdan yurishga majbur bo‘lganlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Tajribali haydovchi o‘zi bilan birga akkumulyatorlarni bog‘lovchi simlar
(«прикуриватель аккумулятора»), tortuvchi tros, bakdan benzin tortib chiqarish uchun shlang, benzinli kanistr va voronkani ham olib yuradi.

Quyosh ko‘zoynaklarini albatta olishni unutmang — ularsiz O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilib bo‘lmaydi.
«Yoqilg‘i sifati — alohida mavzu. Inomarkalar aksariyat hollarda yuqori oktanli benzinlar: AI-95 yoki hech bo‘lmaganda AI-92 talab qiladi. Toshkentda temir otingizga sifatli yoqilg‘ini to‘ldirib olish qiyin ish emas. Ammo avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari keng tarqalgan hududlarda shartli ravishda AI-80 deb sotiladigan benzinni topishingiz mumkin».
Mahalliy avtomobillarning xorijiy avtomobillarga nisbatan ko‘zga tashlanmaydigan afzalligi shundaki, ular buzilgan taqdirda hatto respublikaning eng chekka burchagida ham taʼmirlanishi mumkin. Xorijiy avtomobilga kelsak, katta ehtimol bilan siz Toshkentdan mutaxassislar va ehtiyot qismlarga buyurtma berishingiz kerak bo‘ladi.
Foto: Anzor Buxarskiy
Jamoa yig‘ish va yig‘imlar
Sayohatdan olinadigan taassurotlar va his-tuyg‘ular, birinchi navbatda, marshrut yoki mashinaga emas, balki yig‘ilgan hamrohlar va ularning kayfiyatiga bog‘liq. Faqat bir to‘lqindagi hamfikr yo‘ldoshlar bilangina avtomobil salonida uzoq muddat turli asabbuzarliklarsiz vaqt o‘tkazish mumkin. Dildan muloqot qurish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish va birgalikdagi tarixni yozmoqchi bo‘lganlargina unchalik ham qulay bo‘lmagan sharoitli sayohatlarni so‘zsiz tanlay oladi.

Sayohat davomida taassurotlarni almashish, qiziqarli daqiqalarni muhokama qilish va bir-birimizni xursand qilishni xohlaymiz. Agarda sayohatchilardan biri sayohat bilan bog‘liq noqulayliklarni qabul qila olmasa va undan zavqlanmasa, bu barcha ishtirokchilarning kayfiyatiga yomon taʼsir qiladi.
реклама
реклама
Ayniqsa, turli yoshdagi bolalar bilan amalga oshiriladigan, kichik yoshdagi bolalarga ham, o‘smirlarga ham maʼqul keladigan joylarni topish qiyin kechadigan oilaviy sayohatlar shunday xatar ostida bo‘ladi. Bunday holatda ota-onalardan qo‘shimcha isteʼdod talab qilinadi: multfilmlar, filmlar, audio ertaklarni oldindan yuklab oling, qiziqarli o‘yinlar va tanlovlarni o‘ylab toping. Bolalarni sayohatdan ancha oldin qiziqtirishni boshlang: ular sayohatni intiqlik bilan kutishlari uchun rejalashtirilgan manzillar haqida afsonalar va ertaklarni aytib bering.

Sayohat barcha ishtirokchilar uchun qiziqarli bo‘lishi uchun ularning ovqatlanish, dam olish, qulay mavsumiy kiyimlarga bo‘lgan ehtimoliy ehtiyojlari va tanlovlarini to‘g‘ri hisobga olish muhimdir. Bolalar oldindan o‘rganib qolgan, sinovdan o‘tgan va qulay avtomobil o‘rindiqlariga ega bo‘lishi kerak.
Sayohatga chiqishdan avval barcha kerakli hujjatlarga ega ekanligingizga ishonch hosil qiling:

  • ID-kartalar yoki ichki pasportlar;
  • bolalarning tug‘ilganlik guvohnomalari;
  • Shohimardon yoki So‘x eksklavlariga borishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, xorijga chiqish pasportlari;
  • asosiy haydovchining o‘rnini bosa oladigan har bir kishi uchun haydovchilik guvohnomalari.
Mashina sug‘urtasi sanalarini tekshiring, sayohat sug‘urta polisini rasmiylashtirishning maqsadga muvofiqligi masalasini hal qiling.
Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq majburiy birinchi tibbiy yordam to‘plami bilan bir qatorda sizga va ekipajning qolgan qismiga kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan dori-darmonlarni (antigistamin (allergiyaga qarshi – tarj.), og‘riq qoldiruvchi, isitma tushiruvchi, qon bosimi, diareyaga qarshi va boshqalar) oling. Mashinada ichimlik suvining yetarlicha zaxirasining bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu, ayniqsa, janubiy hududlarga, cho‘l va yarim cho‘l hududlariga sayohatlar uchun dolzarb.

Barcha avtosayohatchilardan alohida iltimos – o‘zingiz bilan chiqindi qoplarini olib yuring. Tabiat qo‘ynida dam olish va piknik qilgandan keyin hududni tozalab keting, bolalar bilan ekologik mavzularni muhokama qiling, ularga ekologik masʼuliyatli xatti-harakatlar bilan to‘g‘ri o‘rnak bo‘ling.
Foto: Anzor Buxarskiy
Maishiy masalalar
Avtosayohat qilishni rejalashtirar ekansiz, marshrutingiz sivilizatsiyadan uzoqda bo‘lishini yodda tutishingiz kerak. Shahar shovqinidan dam olish, tabiat bilan birdamlik, qishloq hayotiga sho‘ng‘ir ekansiz, maishiy noqulayliklardan qochib bo‘lmaydi.

Masalan, Qamchiq va Rezak tog‘ dovonlari orqali Farg‘ona vodiysiga olib boradigan yo‘lda yaqinda ko‘plab pullik jamoat hojatxonalari paydo bo‘ldi, biroq ularning holati ko‘pchincha taʼsirchan odamlarni qanoatlantirmasligi mumkin. Qolgan barcha avtotrassasalar, ayniqsa respublika ahamiyatiga ega yo‘llardan uzoqlarda esa bunday hojatxonalarni topish o‘ta mushkul masala.

Yo‘l bo‘yidagi oshxonada yoki choyxonada ovqatlanib, tetiklanib olish uchun to‘xtaganda alyumin qoshiqlar qo‘yilishi, vilka va pichoqlarning bo‘lmasligiga tayyor turing. Bu muammoni yo‘lga tayyorgarlik ko‘rayotganda o‘zingiz bilan qoshiq-vilkalarni olish bilan osongina hal qilish mumkin. U yerga shaxsiy gigiyena vositalari: nam salfetkalar va dezinfeksiyalash vositalarini ham qo‘shing.

Sayohat paytida doimo mahalliy oshxonani tatib ko‘rishni va pazandalik durdonalariga baho berishni xohlaysiz. Ammo ekzotik narsalarni sinab ko‘rishdan oldin, mahsulotlarning tarkibi va tayyorlanish usuli bilan qiziqing. Aks holda, siz rejalashtirgan sayohatdan butunlay boshqacha taassurotlarga ega bo‘lishingiz mumkin.
«Yo‘l bo‘yidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalariga salbiy munosabatda bo‘laman. Narxlar qimmat, sifat esa past bo‘ladigan bunday muassasalar har doim kimdir birinchi va katta ehtimol bilan oxirgi marta kirib qolishiga ishonishadi

Mahalliy aholi qayerda ovqatlansa — mahalla choyxonalarida, oddiy, ammo gavjum oshxonalarda, o‘sha yerlarni tavsiya qilaman. Yaxshi muassasaning yaqqol belgisi uning yonida to‘xtab turgan YHXX rasmiy mashinasidir: yo‘lning ushbu qismiga masʼul inspektorlar qayerda mazali va arzon ovqatlar bo‘lishini aniq bilishadi».
“Siz tunni chodirda ham, uyqu xaltasida o‘tkazishingiz ham o‘tkazishingiz yoki mashinada qolishingiz ham mumkin. Biroq o‘zim bunday tajribalarim bilan maqtana olmayman. Odatda o‘z yo‘nalishlarimni yovvoyi peyzajlardan bahramand bo‘lish uchun tuzmayman: meni ko‘proq olis shahar va qishloqlar aholisining turmush tarzi, kundalik hayoti qiziqtiradi.

Uzoq avtosayohatlarda to‘laqonli dam olishning ahamiyatini ortiqcha baholash qiyin. Turar joy tanlashda men doim mehmonxona yoki mehmon uyida qolishga harakat qilaman. Bu nafaqat kuchni tiklash va yaxshi uxlash, balki sayohatni davom ettirishdan oldin nonushta qilish imkonini ham beradi. O‘zbekiston fuqarolari uchun narxlar, nazarimda, maqbul. Afsuski, avtoulovda mustaqil sayohatda hukumat tomonidan sentyabr oyidan vaʼda qilingan keshbek tizimi – mehmonxona xarajatlari uchun 15 foizlik kompensatsiya bilan taʼminlanishi dargumon”.
реклама
реклама
Shuningdek, mehmonxonada gadjetlarni quvvatlab olishingiz, xotira kartalaridagilarni noutbuk yoki tashqi diskka o‘tkazishingiz, shuningdek, Wi-Fi orqali sayohatning navbatdagi uchastkasi bo‘yicha navigatsiya uchun oflayn xaritani yuklab olishingiz mumkin. Tetiklashtiruvchi dush – usiz bo‘larmidi?!
Foto: Anzor Buxarskiy
Yo‘ldagi xavfsizlik
Avtomobilda sayohat qilishda jismoniy charchoq, texnik nosozliklar, yo‘l harakatining o‘ziga xos jihatlari, geografik va iqlimiy xususiyatlar va noodatiy relyef bilan bog‘liq har qanday xavf-xatarlarga duch kelishingiz mumkin.

“Mening tajribamda shunday voqea bo‘lganki, biz hozir uni baxtli deb eslashni yaxshi ko‘ramiz. Ammo o‘sha paytda kayfiyatimiz quvnoq emas edi.

Qaysidir yili kuzda Qadimgi Xorazm qalʼalarini aylanishga chiqdik, Tuproqqalʼa, Qirqqizqalʼani tomosha qildik. Ayozqalʼa etagida tushlik qilib, ichkariroqqa ketdik. Maʼlum bo‘lishicha, Qizilqum orqali o‘tadigan ravon asfalt yo‘l makkor tuzoq tayyorlab qo‘ygan ekan – katta tezlikda ketar ekanmiz, sahrodan shamol olib kelgan bir qumtepalikka kirib qoldik. Qumdan chiqmoqchi bo‘lgan Neksiyamiz tagi tekkuniga qadar unga chuqurroq botdi.

Atrof chegarasiz gorizontdan iborat – ko‘zga ilinadigan hech narsa yo‘q, oyoq ostida oltinrang qum va kilometrlarcha tevarakda hech zot yo‘q. Baxtimizga bu yerlarda aloqa bor ekan, akam esa yarim soat avval Raʼno opa – Ayozqalʼa o‘tovli lagerining mehmondo‘st bekasining telefon raqamini yozib olgandi. U yordamga yuk mashinasini jo‘natdi, u bizning yengil mashinamizni bilqillab turgan qumdan chiqarib oldi”.
Buxoro va Xiva o‘rtasidagi avtotrassa bo‘ylab qumni tutib turish uchun mo‘ljallangan to‘siqlar.
Foto: Anzor Buxarskiy
“Ushbu voqea menga xavfsizlik masalalarini birinchi o‘ringa qo‘yishni birinchi va oxirgi marta o‘rgatdi. Bu ishda mayda narsalarning o‘zi yo‘q. Avtomobilning texnik holati hamda yukxonadagi ehtiyot qismlar va asboblarning tavsiya etilgan ro‘yxati yuqorida aytib o‘tilgan. Ushbu qismda men sizga qiyin vaziyatda yordam beradigan boshqa maslahatlarni beraman”.
1
Aloqa
O‘zbekistondagi barcha uyali aloqa operatorlarining faol SIM-kartalari bo‘lishi maqsadga muvofiq. Uzoq hududlarda ko‘pincha faqat bitta operatorning tayanch stansiyasi o‘rnatiladi. Quvvatlangan pover-banklar va marshrut bo‘ylab hududning oldindan yuklangan oflayn xaritalarini eslatishning hojati yo‘q.
2
Kontaktlar
Ertangi kun marshrutini ko‘rib chiqar ekansiz, eng yaqin texnik xizmat ko‘rsatish va yoqilg‘i quyish shoxobchalarining telefon raqamlarini yozib oling. Uzoq va cho‘l hududlari bo‘ylab sayohat qilayotganda, yo‘lda uchratadigan har bir kishi bilan muloqot qilishga harakat qiling. Tasodifiy suhbat va kontaktlar almashinuvi sayohatingiz boyitadi va favqulodda vaziyatda sizga yo‘l yoki foydali maʼlumotni topishga yordam beradi.
3
Dispetcher
Shaharda qolgan yaqin kishingiz sizning marshrutingizni kuzatib tursa yaxshi. Olis yo‘lga chiqishdan avval, ayniqsa yo‘l davomida aloqa uzilib qoladigan bo‘lsa, dispecherga karta skrinshotini tashlab qo‘ying. U bilan maʼlum vaqtgacha aloqaga chiqmasangiz, sizni izlashni boshlashi kerakligini kelishib oling.
4
Boshlang‘ich tibbiy tayyorgarlik
Avtosayohat ishtirokchilarining sunʼiy nafas berish hamda sinish, kuyish, qon oqishi, yurak, insult hamda zaharli ilon va hasharotlar chaqishi bilan bog‘liq muammolar vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni bilishi muhim.
5
Haydash rejimi
Yo‘lga chiqishdan avval haydovchi yaxshilab dam olishi va uxlashi kerak. O‘zingizni yomon his qilsangiz yoki beqaror hissiy holat bo‘lsa, shuningdek, noqulay ob-havo sharoitida sayohatdan yoki uni davom ettirishdan bosh tortgan maʼqul.

Avtomobilni faqat kunning yorug‘ vaqtlarida, yo‘l yaxshi ko‘ringanida haydash tavsiya etiladi. Hududlarda yo‘llar kamdan-kam yoritilgan. Bu yerda katta yuk mashinalari ko‘pincha “uchib yurishadi”. Doimiy ravishda yaqin va uzoq nurlar o‘rtasida o‘tish zarurati, yaqinlashib kelayotgan avtomobillarning ko‘zni qamashtiradigan chiroqlari, ayniqsa yomg‘irda va notanish yo‘lda haydash juda charchatadi.
Sayohat vaqtida har ikki soatda qisqa vaqtga to‘xtash tavsiya etiladi. Mashinadan tushing, uning tashqi qismini aylaning, shinalarni ko‘zdan kechiring, chiroqlar va ko‘zgularni arting, yuzingizni yuving. Og‘ir ovqatdan keyin darhol rulga o‘tirmasliika harakat qiling.

Kuniga sakkiz soatdan ortiq mashina haydamaslik yaxshiroq. O‘n soat — maksimal chegara, haydovchi o‘rnini egallovchi bo‘lmasa, o‘n soatdan ortiq haydash, albatta, ortiqcha.
Foto: Anzor Buxarskiy
Layfxaklar
Avtosayohatingizni yoqimli va muvaffaqiyatli qilishga yordam beradigan asosiy layfxik — bu yuqoridagi beshta bandga va yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishdir. Shunda izingizdan “baxt maktublari” yetib kelmaydi, YPX xodimlari bilan bahslashishingiz shart bo‘lmaydi. Agar baribir buning uchun sabablar tug‘ilsa, yaxshi avtoregistrator foydangizga xizmat qilishi mumkin.

Hududlarda mashina haydash madaniyati ko‘p hollarda Toshkentdagidan ham yomonroq — burilish chiroqlarini yoqmasdan to‘satdan yo‘lakni o‘zgartirish, polosalar va sidirg‘a chiziqlarni mensimaslik va hokazolar. Shuning uchun tezlik rejimi va masofani saqlash, asabiylashmaslik hamda hovliqma haydovchilarga yo‘l bergan maʼqul. Shuningdek, piyodalar, qishloq joylarda esa hayvonlarning qatnov qismiga chiqib ketish xavfini ham hech qachon unutmaslik kerak.
реклама
реклама
Har doim naqd pul zaxirasi yoningizda bo‘lsin – bankomatlar hamma joyda ham bor emas, har doim ham ishlayvermaydi yoki puli bo‘lmasligi mumkin. Mehmonxona, AYOQSH va oshxonalarda imkon qadar kartada to‘lov qiling, naqd pullarni muqobilsiz holatlar uchun saqlab qo‘ying.

Tez-tez benzin quyib turishga harakat qiling, asboblar panelidagi qizil chiroq yonishini kutmang. Yoqilg‘i bakining faqat yarmidan foydalanishni qoidaga aylantiring va uni imkon qadar tezroq to‘ldiring.
Foto: Anzor Buxarskiy
Tashkillashtirilgan turizmning ovoragarchiliklari kamroq. Axir siz rejalashtirish va maishiy masalalarni hal qilishni sayyohlik agentliklari va kompaniyalariga topshirasiz. Ammo faqat avtomobilda sayohat qilish o‘ziga xos erkinlik va o‘z hayoti uchun to‘liq masʼuliyat hissini beradi, shuning uchun ham uni faol va tashabbuskor odamlar tanlaydi.
Fotosuratlar muallifi: Anzor Buxarskiy.
“Gazeta.uz” internet-nashri saytida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting