30 iyundan 1 iyulgacha Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi raisi Abdulla Shahid tomonidan chaqirilgan BMTning global yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha birinchi yuqori darajadagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Dunyo bo‘ylab har 24 soniyada bir kishi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘ladi. Har kuni yo‘llarda o‘rtacha 3500 kishi halok bo‘ladi, ulardan 500 nafari bolalar. Yig‘ilishga mezbonlik qiluvchi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, bu yiliga taxminan 1,3 mln kishi degani. Har yili yana 50 mln kishi jarohat oladi, ko‘pincha umrbod oqibatlarga olib keladi.

5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlarning biror bir kasallik yoki sog‘liq uchun boshqa xatarlardan ko‘ra yo‘l-transport hodisalaridan o‘lish xavfi yuqori. Bu faktlarning barchasi yo‘l harakati xavfsizligi barcha mamlakatlar uchun muammo ekanligini tasdiqlaydi, deya qayd etadi BMT.

«Dunyo yo‘llarida xavfsizlikni yaxshilamasdan turib, barqaror rivojlanishni amalga oshirish mumkin emas», — dedi BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (YeIK) ijrochi kotibi Olga Algayerova. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, dunyoda bu sohadagi vaziyat yomonlashmoqda.

O‘zbekistonda 2021 yilda bolalar ishtirokida 1409 ta YTH sodir bo‘lgan, ularda 1209 nafar bola jarohatlangan, 246 nafari vafot etgan. Jarohatlangan va halok bo‘lgan bolalarning qariyb 70 foizi piyodalar, 11 foizi velosipedchilar, qolgan 20 foizga yaqini esa avtomobil yo‘lovchilaridir. O‘tgan yili yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lganlarning umumiy soni qariyb 2500 kishini tashkil etib, 2020 yilga nisbatan o‘sgan.

Yo‘l-transport hodisalari oqibatlarini bartaraf etish xarajatlari har yili mamlakatlarga YAIMning 2−5 foizini tashkil qiladi. YTHlar asosan aholining eng kambag‘al qatlamlariga ta’sir qiladi. O‘limning 90 foizdan ortig‘i past va o‘rta daromadli mamlakatlarda sodir bo‘ladi, Afrikada eng yuqori o‘lim darajasi 100 ming aholiga 26,6, Yevropada esa 9,3 tani tashkil etadi.

Dunyodagi barcha YTHlarning yarmidan ko‘pi eng zaif yo‘l foydalanuvchilari — piyodalar, velosipedchilar va mototsiklchilar orasida sodir bo‘ladi.

«Biz harakatchanlik va transport uchun bunday narxni to‘lashga majbur emasmiz. Bunday miqyosda baxtsiz hodisalarni oddiygina „baxtsiz hodisalar“ deb hisoblash mumkin emas. Aslida bu o‘lim va jarohatlarda muqarrar narsa yo‘q, — dedi Olga Algayerova. — Chunki biz xavfsizroq transport vositalarini yaratishni bilamiz; biz xavfsiz yo‘llarni qanday qurishni bilamiz; biz yo‘l harakatining aniq va izchil qoidalarining qadrini bilamiz».

O‘tgan yili 2021−2030 yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘n yillik harakat global rejasi (PDF) qabul qilindi. U 2030 yilga borib YTHlarda o‘lim va jarohatlar sonini 50 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. «Bugungi kunda biz bu ko‘rsatkichdan ancha uzoqmiz», — dedi Olga Algayerova.

U BMTga a’zo davlatlarni yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘zlarining siyosiy va moliyaviy majburiyatlarini bajarishga chaqirdi, shu jumladan, yangi va ishlatilgan barcha transport vositalari uchun BMTning minimal xavfsizlik standartlarini bajarishdan boshlab.

«Yo‘l harakati xavfsizligi masalalari shaharsozlikdan tortib, ta’limgacha bo‘lgan milliy strategiyalarga kiritilishi va milliy budjetlarda yetarlicha mablag‘ ajratilishi kerak», — dedi BMT YeIK ijrochi kotibi.

Yig‘ilish yakunida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash «zudlik bilan rivojlanishning ustuvor yo‘nalishi, aholi salomatligi va ijtimoiy adolat masalasi» ekanligi ta’kidlangan siyosiy deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilgan (hujjat loyihasidan).

May oyida BMT YeIK YUNISEF ko‘magida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Yo‘l harakati xavfsizligi milliy sharhini tayyorlashni boshlagani xabar qilingan edi. Kuzatuvlar 12 oy ichida o‘tkaziladi. Uning natijalari O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi siyosatni ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.