28 iyun kuni Samarqand viloyati prokuraturasi viloyatdagi mahallalardan birida yashovchi kelin o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlarga munosabat bildirib, holat Bosh prokuratura nazoratiga olinganini ma’lum qilgandi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Samarqandda 29 yoshli ayol uksus kislotasidan zaharlanib, vafot etganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ta’kidladi.

Samarqand viloyat prokuraturasining aniqlanishicha, 2022 yil 24 iyun kuni Samarqand shahri «Bog‘bonlar» mahallasi Yangravot ko‘chasida yashovchi (1993 y.t.) N.M. «uksus kislotasidan o‘tkir zaharlanish» tashxisi bilan RSHTYOM Samarqand filiali xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. 2022 yil 27 iyun kuni N.M.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Samarqand filiali bo‘lim mudiri Sherzod Mo‘minovning «Daryo»ga ma’lum qilishicha, ayol ahvoli og‘ir holda shifoxonaga kelgan. Tekshirilganda uning oshqozonida uksus borligi aniqlangan. Bemorning oshqozoni yuvilayotganda qon orqali suyuqlik chiqa boshlagan. Siydik pufagidan esa qo‘ng‘ir rangda suyuqlik chiqqan.

«Uksus bilan zaharlanganda qonda gemoliz chiqadi hamda oshqozon, og‘iz bo‘shlig‘i, qizil o‘ngachning shilliq qavatlari kuyishi kuzatiladi. Minimal o‘limga olib keladigan doza 30 milligramm hisoblanadi. Bemor qancha miqdorda uksus ichgani aniq emas. Shuningdek, uyda qancha vaqt davomida qolib ketgani ham noma’lum. Bemorga uch kun davomida yordam ko‘rsatildi. Zaharlanishning o‘ta og‘ir darajasi bo‘lgani sabab ikki kun davomida qonda gemoliz kuzatildi. Uchinchi kundan boshlab bemorda o‘tkir jigar va buyrak yetishmovchiligi sodir bo‘ldi. 27 iyunda siydik to‘xtatilishi kuzatildi. Qon bosimi me’yorida turmadi. O‘tkazilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemorda biologik o‘lim qayd etildi», — deydi Sherzod Mo‘minov.

«Bog‘bonlar» MFY raisi Vali Qodirov to‘qqiz yillik faoliyati davomida faqatgina mana shu oilada bo‘lgan ikkita noxush voqea shov-shuvga sabab bo‘lganini so‘zlab bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatning yuzaga kelishiga marhumning qaynonasi sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, chunki marhumaning turmush o‘rtog‘i juda og‘ir tabiat va ayoliga yaxshi munosabat qilgan.

«Bog‘bonlar» MFY raisining xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi Lola Ahmedova marhumaning onasi bilan gaplashganini aytdi. U kuyovi yaxshi ekanini, shifoxonada ko‘p xarajat qilishgani, ko‘p qon quyilishiga qaramasdan qizi vafot etganini so‘zlagan.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova qo‘shnilar bilan gaplashganida marhumaning qaynonasi haqida yomon fikrlar bildirilgani aytilmoqda.

Qo‘shnilarning so‘zlariga ko‘ra, marhuma qaynonasining qattiqqo‘lligi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan bo‘lishi mumkin.

«Rahmatli Nilufar ikkinchi ayol bo‘lib turmushga chiqqandi. Turmush o‘rtog‘ining birinchi ayoli ham 2018 yil o‘z joniga qasd qilib, vafot etgandi», — deydi qo‘shnilardan biri.

Qo‘shnilarning qo‘shimcha qilishicha, xonadonning ikki kelini ham juda aqlli, muomalali, mehnatkash bo‘lgan. Kelinlar doim uy ishlari bilan band bo‘lgan. Ular umuman ko‘chaga chiqmagan. Ikki kelinga ham qaynona zulm ko‘rsatib kelgan.

«Bu qaynona bir emas, ikkinchi kelinining ham ‘boshini yedi'. Jazosini olish kerak. Hech kimga quloq solmaydi. Bu zo‘r. Bundan kuchli odam yo‘q. Istagan odamini haqorat qiladi. Mahallada bunga gapiradigan odam yo‘q. Ayol juda o‘tkir. Unga hech kim bas kelolmaydi. ‘Slujanka' deb nom ham qo‘yib olgan edi keliniga. Ikkala kelin ham juda odobli edi. Doim qo‘ni-qo‘shnilarga salom berib, ularning hurmatini joyiga qo‘yardi», — degan boshqa bir qo‘shni.

«Daryo» muxbiri marhuma ayolning bolalik davri o‘tgan «Qo‘shbaqqolli» mahallasida ham bo‘lib, mahalla raisi bilan suhbatlashgan. Uning aytishicha, marhuma turmush qurganidan so‘ng ikki oy o‘tib uyga qaytib kelgan. Marhumaning onasi mahallaga murojaat qilganidan so‘ng, er-xotin yarashtirib qo‘yilgan. Shuningdek, marhumaning onasi qudalariga da’vosi yo‘qligini ham bildirgan.

Marhumadan oldingi, 2018 yil vafot etgan kelin so‘nggi manzilga qo‘shnisining uyidan kuzatilgan, 27 iyun kuni vafot etgan ikkinchi kelin esa onasining uyidan chiqarilgan, deyiladi xabarda.

Birinchi kelin — marhuma Azizaning onasi Muhabbat Yusupova esa qizi turmushga chiqqach 3 yil o‘tar-o‘tmas qizidan ayrilib qolganini ma’lum qildi.

«2015 yil qizimni shu xonadonga turmushga bergandim. 2018 yilning 23 iyun kuni ertalab o‘z joniga qasd qildi, degan xabar keldi. Men bunga ishonmadim. O‘sha voqeadan so‘ng, marhum qizimning qaynonasi va eri qizimning vos-vos bo‘lgani, jinni bo‘lib qolgani haqida gap tarqatdi. Aslida qizimning es-hushi joyida edi. Qizim o‘limidan bir kun oldin 10 dona ‘buxanka' non olib ketgan edi. Qizim joniga qasd qilganiga hali ham ishonmayman. Qizim qaynonasi azob berishini aytardi. Men o‘sha vaqtda haqiqatning tagiga yetish uchun juda ko‘p yugurdim. Ammo hech kim quloq solmadi», — dedi u.

Muhabbat Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, bu xonadon vakillari ikkinchi kelinga ham azob bergan, hattoki homilasini ham tushirgan.

Tergovga marhumani kaltaklashda gumonlanayotgan qaynona va uning eri ham jalb qilingan. Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari ustidan Bosh prokuratura nazorat o‘rnatgan.