Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan iste’molchilarga yanvar-aprel oylari uchun yana 1,8 mlrd so‘m keshbek to‘lab berildi. May oyida 53,8 mlrd so‘m keshbek to‘landi, deya xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

May oyi uchun 509 781 nafar iste’molchi keshbek to‘lovini qabul qilib olgan. Yil boshidan buyon esa 673 597 nafar fuqaroga 180,5 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilgan.

27 iyunga qadar cheklar eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan tadbirkorlik subyektlari quyidagicha:

  • Anglesey food (Korzinka) — 4,9 mln ta;
  • Havas food (Havas) — 2,5 mln mln ta;
  • Darvoza savdo (Makro) — 1,5 mln ta;
  • Inspired (Payme) — 1,2 mln ta;
  • UNG Petro — 968 ming ta;
  • Namangan istiqlol bog‘i — 495,7 ming ta;
  • International foodchain (KFC) — 456,2 ming ta;
  • Sharqona yagona savdo (Asia) — 446,7 ming ta;
  • Best quality products (Tegen) — 324,9 ming ta;
  • Osiyo trade biznes (OTB) — 258,7 ming ta.

Avvalroq, Soliq qo‘mitasi keshbek uchun chekni ro‘yxatdan o‘tkazishda faol hududlar ro‘yxatini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri keshbek olish uchun cheklarni tasdiqlashda eng yetakchi hudud bo‘lib turibdi — 8,5 mln ta chek. Keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (867 972 ta), Farg‘ona (824 910 ta) va Xorazm (770 906 ta) viloyatlari joylashdi. Chekni ro‘yxadan o‘tkazishda Buxoro (414 775 ta), Navoiy (360 660 ta), Surxondaryo (287 310 ta), Jizzax (282 581 ta) hamda Sirdaryo (210 618 ta) viloyatlari past ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar bank kartalariga xarid summasidan 1% keshbek qaytarilmoqda. Shuningdek, «Gazeta.uz» keshbekni qanday qaytarib olish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma tayyorlagan edi.