O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 28 iyun kuni 73 yoshida vafot etdi. Uning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Ibrohim Haqqulning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya ta’ziya bildirdi.

Uyushma bergan ma’lumotga ko‘ra, Ibrohim Haqqul 1949 yil 28 martda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Talija qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1966−1970 yillarda Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil olgan.

1970−1972 yillarda «Shofirkon haqiqati» gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir vazifalarida ishlagan. Uning «Navoiy va Mavlono Ashraf», «Daryo kabi hamisha uyg‘oq…» kabi ilk adabiy maqolalari ushbu gazetada bosilib chiqqan.

Olim 1972 yildan hozirga qadar O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida faoliyat yuritgan.

Ibrohim Haqqul 1976 yili «O‘zbek adabiyotida ruboiy» mavzusida nomzodlik, 1995 yili «O‘zbek tasavvuf she’riyatining shakllanishi va taraqqiyoti» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Dastlab uning «O‘zbek adabiyotida ruboiy» (1981), «Uvaysiy she’riyati» (1982), «Badiiy so‘z shukuhi» (1987) kitoblari nashr etilgan bo‘lsa, keyin «Zanjirband sher qoshida» (1989), «She’riyat — ruhiy munosabat» (1989), «Abadiyat farzandlari» (1990), «Tasavvuf va she’riyat» (1991), «Kamol et kasbkim…» (1991), «G‘azal sog‘inchi» (1991) kabi 20dan ortiq kitoblari bosilib chiqqan.

U rus tilidagi ikki jildlik «Istoriya uzbekskoy literaturы» kitobining mualliflaridan biri hisoblanadi.

Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida Ibrohim Haqqulning adabiy jarayonda faol ishtirok etgan.

Shuningdek, Abdulhamid Cho‘lponning «Bahorni sog‘indim» (1988), Xoja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar» (1991) majmuasini, shogirdi Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda «Boqirg‘on kitobi» (1991), «Me’rojnoma» (1995) kabi uzoq muddat nashr etilmay kelingan asarlarni o‘quvchilarga yetkazgan.

Keyingi yillarda u «Ahmad Yassaviy», «Kim nimaga tayanadi?», «E’tiqod va ijod», «Tasavvuf saboqlari», «Taqdir va tafakkur», «Meros va mohiyat» deb nomlangan risola va kitoblarini chop ettirgan.

Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Vilyam Shekspirday daho san’atkorlarning o‘zbek tiliga o‘girilgan kitoblariga salmoqli so‘zboshi va so‘ngso‘zlar yozgan.

Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy"sidan tanlangan shohbaytlarning alohida kitob holida chiqarilgani ham e’tiborga molikdir.

Keyinroq Ibrohim Haqqulning «Ijod iqlimi» va «Mushohada yog‘dusi» nomli kitoblari ham bosilib chiqqan.

U 1996 yildan «Qadimgi davr adabiyoti», 2001 yildan buyon «O‘zbek adabiyoti tarixi» bo‘limi mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Olim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «O‘zbek tili va adabiyoti», «Tafakkur», «Naqshbandiya» jurnallari tahrir hay’atlari a’zosi edi.

Uning ayrim maqola va kitoblari turk, uyg‘ur, ozarboyjon, tojik va rus tillariga tarjima qilingan. Keyingi yillarda olimning «Navoiyga qaytish» deb nomlangan 2 jildlik kitobi bosmadan chiqqan.