Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 iyun kuni «Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 1 sentabrdan (avval xabar qilinganidek, 1 iyuldan emas) ishlab chiqarilganiga 10 yilgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ixtiyoriy bo‘ladi.

Ishlab chiqarilganiga 11 yildan 14 yilgacha bo‘lgan yengil avtomobillar 2 yilda 1 marta, 15 yil va undan ortiq bo‘lgan yengil avtomobillar esa 1 yilda 1 marta majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, mazkur shartlar tijorat asosida yo‘lovchilarni tashish faoliyatida foydalaniladigan transport vositalariga taalluqli emas.

Avval xabar berganimizdek, 1 iyuldan avtomobillarning orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor bo‘ldi. Jismoniy va yuridik shaxslarning avtomobillari old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berganlik uchun to‘lov miqdori BHMning sakkiz baravari miqdori etib belgilandi.

Prezident o‘zgarishlar haqida e’lon qilar ekan: «Har bir islohotimiz, taklif va tashabbuslarimiz, bu — eng avvalo inson qadri uchun», dedi. «Bu hali boshlanishi. Men prezident maslahatchilari, bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarga topshiriq berganman. Odamlarimizni qiynayotgan, ahamiyatini yo‘qotgan tartib va cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha Ishchi guruhi barcha yo‘nalishlarda muntazam ishlayapti», — deya qo‘shimcha qildi u.