Bishkek sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va boshqa ishtirokchilarni 2020 yil oktabr oyida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlikka doir jinoyat ishi bo‘yicha oqladi, deb yozmoqda Kaktus.media. Ayblov tomoni Atambayevga 12 yil qamoq jazosini so‘ragandi.

Ayblanuvchilar Almazbek Atambayevdan tashqari, prezident devonining sobiq rahbari Farid Niyozov, sobiq bosh vazir Omurbek Babanov, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq xodimi va siyosatchilar Jenish Moldokmatov va Temirlan Sultanbekov edi.

Sobiq prezidentga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirildi. Almazbek Atambayev suddagi so‘nggi so‘zini ozodlikka chiqqach aytishiga umid bildirdi.

2020 yilning oktabr voqealari Bishkekda parlament saylovlarining dastlabki natijalari oqibatida boshlangandi. O‘shanda 16 partiyadan faqat to‘rttasi parlament — Jokorgu Keneshga o‘tgan, ulardan ikkitasi hukumatparast deb atalgan.

Minglab odamlar namoyishga chiqdi, Oq uy, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binolari tortib olindi, Almazbek Atambayev tergov izolyatoridan ozod qilindi. 10 oktabr kuni u yana qo‘lga olinib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoriga joylashtirildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Atambayev hokimiyatni qo‘lga kiritish uchun sobiq prezidentlikka nomzod, sobiq bosh vazir Omurbek Babanov bilan til biriktirgan. Ayblov tomoni uning harakatlari o‘qotar qurollardan foydalangan holda ommaviy tartibsizliklarga sabab bo‘lganini ta’kidladi. Tartibsizliklar natijasida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov o‘z lavozimini tark etdi.