Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov rektor etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Mart oyida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Davron Vahobov Savdo-sanoat palatasiga rahbar etib tayinlangan edi.

Yig‘ilishda to‘qimachilik sohasida mutaxassislar tayyorlash, ilm va izlanish bo‘yicha To‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki yaxlit tizim asosida ishlashi belgilandi.

Institutda yangi o‘quv yilidan:

  • 3 va 4-kurs talabalarini o‘qitishda «dual» ta’lim tizimi joriy qilinadi;
  • ular haftaning uch kunida institutda nazariy darslar, qolgan uch kunida to‘qimachilik texnoparki va korxonalarda amaliy o‘quv mashg‘ulotlar asosida o‘qitiladi;
  • nufuzli xorijiy to‘qimachilik oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 6 ta yo‘nalishda talabalar almashish dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Mutasaddilarga elchilar bilan birga yil yakuniga qadar Turkiya, Koreya va Hindiston kabi ilg‘or tajribaga ega mamlakatlardan 40 nafar malakali o‘qituvchilarni olib kelish topshirildi.

Shu bilan birga, To‘qimachilik texnoparkini sohaga yangi tajriba va innovatsiyani olib kiradigan markazga aylantirish vazifasi qo‘yildi.