«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekiston aholisi o‘rtasida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga munosabatini o‘rgangan holda telefon orqali so‘rov o‘tkazdi.

Uning natijalariga ko‘ra, 88% so‘rov ishtirokchilari Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar to‘plash jarayoni boshlanganidan xabardor.

83% respondent konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va zamonaviy sharoitlarda Konstitutsiyani takomillashtirish zaruriyatini e’tirof etadi, deb yozmoqda «Ijtimoiy fikr».

76% respondentlar Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyati to‘g‘risida bilishadi.

47,2% respondentlar taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanish va Bosh qonunni takomillashtirish jarayonida ishtirok etishni o‘zi uchun muhim, deb hisoblaydi. 24,1% fuqarolar ushbu imkoniyatdan foydalanib, amaldagi Konstitutsiyaga kiritish uchun o‘zining taklif va qo‘shimchalarini bildirishgan.

Shuningdek, markaz respondentlardan Bosh qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni haqida axborotni qayerdan olayotganlarini so‘radi. So‘rovda qatnashgan fuqarolarning 32,8 foizi televideniye, 23 foizi SMS-xabarlar hamda 17 foizi ijtimoiy tarmoqlar (Facebook, Instagram) orqali olgan.

So‘rovnoma tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘rov ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, Konstitutsiyada aks ettirilishi lozim bo‘lgan asosiy dolzarb yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:

  • davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish;
  • insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlashni kuchaytirish;
  • aholining ehtiyojmand qatlamlarining (nogironligi bo‘lgan shaxslar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar, boquvchisini yo‘qotgan ayollar, keksalar va pensionerlar) ijtimoiy himoyasini mustahkamlash;
  • yoshlarning davlat va jamiyatdagi rolini mustahkamlash.

Respondentlarning fikricha, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik huquqlarni amalga oshirish masalalari hamda umuminsoniy, milliy va oilaviy qadriyatlarni shakllantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish, xususiy mulk muhofazasini kuchaytirish va ta’lim sifatini ta’minlash muhim yo‘nalishlar hisoblanadi.

So‘rov ishtirokchilari mamlakatning Bosh qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish katta mas’uliyatni va har bir fuqaroning ishtirokini talab qiladigan, mamlakatning istiqboldagi rivojiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan jarayon ekanligini anglaydilar, deb yozadi markaz.