25 iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan energetika forumida O‘zbekiston Energetika vazirligi elektr energiyasini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi direktori o‘rinbosari Bahrom Umarbekov Energetika vazirligi energiya tizimida erkin bozor yaratish ustida ish olib borayotganini aytib, ushbu loyihaning ahamiyatini tushuntirib berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Biz erkin bozordan manfaatdormiz, chunki investorlarga hech qanday [davlat] kafolatlari berilmaydi. Faqat xususiy mulk huquqi kafolatlanadi. Investor tavakkal qilib stansiya quradi va mijoxlarni qiziqtira olsa, ularga elektr energiyasini sotadi», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bozorni yaratish ikki-uch yil davom etadi.

«Bunga qadar oldimizda ikki yo‘l bor: eski usulda davlat qarzini ko‘paytirib, davlat qarzi hisobiga elektr stansiyalarini qurish yoki o‘tish davrida davlat-xususiy sheriklik asosida bir qator loyihalarni amalga oshirish. Elektr taqchilligining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hozirda DXSH loyihalari amalga oshirilmoqda. Buning ijobiy va salbiy tomonlari bor. Afzalligi shundaki, davlatning suveren qarzi ko‘paymaydi. Salbiy tomoni shundaki, kafolatlar bo‘yicha bilvosita [majburiyatlar] ortib bormoqda», — dedi loyiha idorasi rahbari o‘rinbosari.

Davlat energetika korxonalarining moliyaviy ahvoli og‘irlashib, investor tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun pul to‘lamasa, Moliya vazirligi davlat korxonasi qarzini to‘lashga majbur bo‘ladi. «Bu bilvosita qarzlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarzga aylanishini anglatadi. Shuning uchun biz tezda erkin bozor yaratishimiz kerak», — dedi u.

Bahrom Umarbekovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining har bir kVt/soati 500−600 so‘m atrofida bo‘lsa, davlat uni aholiga 295 so‘mdan sotmoqda.

Energetika vazirligi vakilining qayd etishicha, shu sababli hukumat energiya resurslariga tariflarni oshirish masalasini muhokama qilmoqda. Energetika sohasida to‘rtta tabiiy monopoliya mavjud bo‘lib, ular DXSH orqali investitsiyalarni jalb qila olmaydi. Bular «Milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari», «O‘ztransgaz» va «Hududgazta’minot» korxonalari.

«Ularning o‘sishi uchun mablag‘larni ikki yo‘l bilan jalb qilish mumkin. Birinchisi — suveren qarzning oshishi, ya’ni hukumat davlat qarzini oladi va uni shu to‘rtta korxonaga beradi. Ikkinchisi — korxonalar o‘z balansida korporativ kreditlar oladi. Ushbu jarayonlarni joriy etish uchun tariflarni biroz ko‘tarishimiz kerak bo‘ladi, chunki bu kompaniyalar hozir zarar ko‘rmoqda», — dedi u.

Bahrom Umarbekovning ta’kidlashicha, hozirda gaz yoki elektr energiyasini xarid qilish va ularni tashish xarajatlari yagona tarifga kiritilgan.

«Tarif ikki qismga bo‘linishi kerak. Agar biz transport komponentini alohida olib qo‘ysak, kreditorlar rentabellikni tekshirishlari va transport xarajatlarini qoplashlari mumkin bo‘ladi. Hozir ular buni tasdiqlay olmaydilar, shuning uchun korxonalar o‘z balanslariga korporativ kreditlarni jalb qila olmaydilar», — dedi Energetika vazirligi vakili.

Uning fikricha, davlat qarzini jalb qilish imkoniyatlari chegaralangan, bu esa kompaniyalarning o‘sishini cheklaydi.

1 aprel holatiga ko‘ra, xususiy tashqi qarz tarkibida neft-gaz va energetika tarmoqlarining ulushi 4,83 mlrd dollarni tashkil etadi. Eslatib o‘tamiz, «O‘ztransgaz» 2021 yilni 2,51 trln so‘m (2021 yil uchun o‘rtacha yillik kurs bo‘yicha 236,2 mln dollar), 2020 yilni 3,57 trln so‘m (354,7 ln dollar) zarar bilan yakunladi. «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, bugungi kunda kompaniyaning umumiy qarzi 2 mlrd dollardan oshgan.

Elektr energiyasining ulgurji bozoriga qanday o‘tish rejalashtirilmoqda?

O‘zbekiston 2025 yilgacha elektr energiyasining ulgurji raqobatbardosh bozoriga uch bosqichda o‘tishi ma’lum qilindi. Birinchi bosqichda elektr energetikasi korxonalarini liberallashtirish va elektr energiyasini sotishni xohlovchi xususiy korxonalar uchun litsenziyalar olish nazarda tutilgan. Bunday bozor yondashuvi mahsulot sifatini yaxshilash va narxlarni pasaytirishi kutilmoqda.

Ikkinchi bosqichda elektr energiyasini taqsimlash tizimi operatori yaratilib, elektr energiyasini iste’molchilarga sotish funksiyalari bosqichma-bosqich yetkazib beruvchilarga o‘tkaziladi. Ushbu yetkazib beruvchilar iste’molchilarga litsenziya asosida elektr energiyasini sotish huquqiga ega bo‘ladi.

Uchinchi bosqich — «Bir kunlik (soatlik) sotuv». Elektr energiyasini soatlik ishlab chiqarish va iste’mol qilishning ortiqcha yoki taqchil hajmlari onlayn savdo maydonchasida sotiladi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev 23 iyun kuni yangi konsepsiyaga ko‘ra, raqobatbardosh elektr energiyasining ulgurji va chakana bozoriga o‘tish uchun to‘rt bosqichdan iborat bo‘lishini aytdi. Unga ko‘ra, prezident bozorga kirmoqchi bo‘lgan har qanday tadbirkorlik subyektiga litsenziya berish va uning ishlab chiqarishni boshlashi mumkin bo‘lgan aniq tartibni belgilash mumkin bo‘lishi uchun bozor qoidalarini tasdiqlashga ruxsat bergan.

May oyida Sherzod Xodjayev yaqin kelajakda iste’molchilar elektr energiyasi yetkazib beruvchisini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidlagan edi. «Iste’molchi o‘ziga kerakli yetkazib beruvchini tanlashi va o‘ziga kerak bo‘lgan korxona bilan shartnoma tuzishi mumkin bo‘ladi. Ammo, Internetdan farqli o‘laroq, bu yerda davlat narx siyosatini emas, balki tarif siyosatini olib boradi. Natijada talab qanchalik katta bo‘lmasin, belgilangan narxdan ortiq sota olmaslik uchun tariflar o‘rnatiladi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Bundan tashqari, 2023 yildan xususiy korxonalar uchun elektr energiyasini sotish bozori ochiladi. 14 ta tuman va shaharda yuridik shaxslarga elektr energiyasini sotish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, energiyani ulgurji sotib olish va sotish kompaniyasi va sohani tartibga solish agentligini tashkil etish orqali energiya bozorini boshqarishning yangi tizimiga o‘tish rejalashtirilgan.