Joriy yilning boshidan 20 iyunga qadar O‘zbekiston hududida suvga cho‘kib halok bo‘lganlar 65 nafar fuqaroni tashkil etmoqda, shuning yarmidan ko‘prog‘i voyaga yetmagan bolalardan iborat.

«Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev qurbonlarning yosh va hududlar bo‘yicha tasnifi, insonlar ko‘proq qaysi holatlarda cho‘kib ketayotgani, cho‘kayotgan shaxsni qay usulda qutqarish kerakligi haqida so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan cho‘kish holatlarida 12 nafar odam cho‘milishga borib halok bo‘lgan.

«Bugungi kun holatiga 65 nafar inson suvda cho‘kdi. Asosiy cho‘kkanlar, bular o‘z ehtiyotsizligi oqibatida cho‘kkanlar hisoblanadi. Toshkent shahri va viloyatlar misolida ko‘rishimiz mumkin ariqlar, anhorlar, kanallar ustidan muhandislik inshootlari — quvurlar o‘tkazilgan. [Fuqarolar] mana shu inshootlardan ko‘prik sifatida foydalanishadi, aslida esa ulardan ko‘prik sifatida foydalanish mumkin emas. Mana shu joylarda ehtiyotsizlik oqibatida suvga tushib ketish hamda cho‘kib ketish holatlari yuzaga keladi», — dedi u.


Mutaxassisning ta’kidlashicha, suvga cho‘kib halok bo‘lganlarning 50 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.

«Bolalarning suvda cho‘kish holatlari ko‘proq yoz mavsumida uchraydi. Chunki yoz mavsumida bolalar asosan ota-onalarining nazoratisiz qolib ketadi», — dedi vazirlik vakili.

Dam olishga borgan yigitlar halok bo‘lmoqda

FVV vakili ma’lumotiga ko‘ra, suvda cho‘kish holatlari ko‘proq yigitlar orasida uchramoqda. Ular asosan tog‘li hududlardagi sovuq suvlarda cho‘milishadi.

«Suvning sovuqligi cho‘kish holatlarini oshiradi. Tog‘li hududlarda suvning harorati ayrim paytlarda +10, +15 darajagacha bormaydi. Insonning suvda cho‘milishi uchun suvning harorati +17 darajadan yuqori, +30 darajadan past bo‘lishi kerak, — dedi Samandar Hikmatullayev. — Tog‘li joylarda qizib turgan paytda sovuq suvga tushish tomirlar tortishib qolishiga, bu esa insonning suvda harakatlana olmay, cho‘kib ketishiga olib keladi».

U, shuningdek, erkak kishilarning spirtli ichimlik ichgan holatida cho‘milishi ularning cho‘kib ketishiga yana bir omil ekanini ta’kidladi.

Suhbatdoshning aytishicha, suvga cho‘kish faqat yoz mavsumida kuzatiladigan holat emas. Xattoki, oddiy baliq oviga borganda ham o‘z ehtiyotsizligi oqibatida vafot etganlar bor.

Joriy yilda 26 nafar inson ehtiyotsizligi oqibatida vafot etgani ma’lum qilindi.

«Bir voqeani aytib o‘taman. Toshkent shahriga ishlashga kelgan yigit anhorning bo‘yiga borib, qo‘lini yuvmoqchi bo‘lgan. U suvga engashgan paytida muvozanatini yo‘qotib, anhorga tushib ketib, halok bo‘lgan. Bunga uning yaqinlari guvoh bo‘lishgan», — dedi u.

Tiniq bo‘lmagan suv xavfli


FVV vakilining fikricha, cho‘milish taqiqlangan joylarda suvning rangi tiniq emasligi, uning ostida har hil jismlar borligi, qirg‘oqlarning o‘zida chuqurlik 2 metrdan oshishi, bunday joylarda cho‘kayotgan insonga yordam berish qiyin.

«Mana bu suvimizga nazar solsak, unda loyqa oqib keladi, bu qirg‘oq sirpanchiq degani. Bunday joyda insonlar suvdan chiqa olmay qolishadi. Bundan tashqari, qirg‘oqning bo‘yida chuqurlik 2 metrni, markaziy qismida esa 6−8 metrni tashkil etadi. Bu joyda cho‘milish mumkin emas. Chunki suv tiniq emas, biz suvning ostida nima borligini ko‘rmaymiz. Shuningdek, suvning ostida ham oqim mavjud, suvning ustidan va ostidan narsalar oqib o‘tadi», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, g‘avvoslar gohida suv ostidan temir jismli narsalardan jarohatlangan murdalarni ham olib chiqishadi.

«Shunday vaziyatlar yuz beradiki, qutqaruvchi g‘avvoslarimiz suv ostidan bosh qismidan olingan jarohat, qorin qismidan olingan jarohat, hattoki, temir jismlar sanchilib qolgan holatda cho‘kib ketganlarni olib chiqadi», — dedi u.

Odamlar cho‘kayotgan joylarga «cho‘milish taqiqlanadi» belgilari o‘rnatilgan


«Cho‘kish sodir bo‘lgan joylarda aholi va hududlarni muhofaza qilish funksiyasiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan suv havzalari o‘rganiladi. Bunday suv havzalarida „cho‘milish taqiqlanadi“ belgilari o‘rnatib chiqilgan. Mana shu belgilar bor joylar qo‘riqlanmaydigan hududlardir, ularda cho‘milmang», — dedi FVV matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari.

Suvga cho‘kib ketish halokatida eng ayanchlisi — bu bir-birini qutqarmoqchi bo‘lgan qarindoshlardir. FVV rasmiysi ana shunday baxtsiz hodisalardan biri haqida so‘zlab berdi.

«Bu voqea o‘tgan yili yuz bergan. Bir oiladan 3 inson suvga cho‘kib ketdi, ularning barchasi voyaga yetmaganlar. Aka, uka va singlisi bilan sayr qilib yurgan paytida singil suvga tushib ketadi. Uni olib chiqaman deb ikkala akasi ham o‘zlarini suvga otgan va bir oiladan 3 nafar bola suvga cho‘kib ketdi. Bu fojia, albatta», — dedi Samandar Hikmatullayev.

U shuningdek, ba’zan ota-onalar aylantirib kelish uchun yosh bolalarni qariyalarga ishonib topshirishlarini tanqid qildi.

«Qariyalarning o‘ziga yordam kerak, aslida. Ular har doim bolaning qo‘lidan ushlab, olib yura olishmaydi. Bolalarning qariyalar qo‘lidan chiqib ketib, suvga cho‘kib ketish holatlari ham, ming afsuski, bor», — dedi u.

O‘ziga ortiqcha ishonish halokatga olib keladi


«Shunday holatlar bo‘ladiki, g‘avvoslikni biladigan, yaxshi sportchi, yaxshi suzuvchi insonlar ham suvga cho‘kib ketadi», — dedi FVV matbuot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari.

Buning sababi bir nechta — cuvning harorati, uning ostidagi noma’lum jismlar, o‘z kuchiga ortiqcha baho berib yuborish.

«Yigitlarning suvda cho‘kib ketish holatlarini o‘rganganimizda, ba’zan, suvda yaxshi suza oladiganlar suvning narigi qirg‘og‘iga birinchi borish bo‘yicha baxslashib qolishadi. Shunaqa o‘zaro musobaqa vaqtida charchashi yoki tomirlarining tortishib qolishi natijasida, hattoki, sportchilarning ham suvda cho‘kib ketish holatlari bo‘lgan», — dedi Samandar Hikmatullayev.

Qutqaruvchilarga juda kam vaqt berilgan

«Suvga cho‘kib ketgan insonning nafas olishi va yuragi ikki daqiqada to‘xtaydi. Ikki daqiqa vaqt ichida yuragi va nafas olishi to‘xtab qolgan insonni jonlantirishimiz, o‘pka-yurak reanimatsiyasini o‘tkazishimiz uchun bizga juda kam — 5 daqiqa vaqt berilgan. Shunday qisqa vaqt ichida insonning nafas olish organlaridan suvni chiqarib yuborib, nafas olishini tiklab, hayotini saqlab qolishimiz mumkin», — dedi FVV vakili.

Shu bois u fuqarolardan faqatgina ruxsat berilgan joylarda cho‘milishni so‘radi.


«Belgilanmagan joylarda g‘avvos-qutqaruvchilar, tibbiyot mutaxassislari yo‘q, nazorat amalga oshirilmagan. Qirg‘oq bo‘yida chuqurlik 2 metr, bunday joylarda insonlarni asrab qolish mushkul. Respublikadagi daryolar, ariqlar, anhorlarda cho‘milish taqiqlanadi. Bunday joylarda cho‘milish mumkin emas. Ruxsat etilgan joyda esa — maxsus joy tayyorlanadi, tubi tozalanadi, suvdan namunalar olinadi. Bu joyda qutqaruvchilar, tibbiyot mutaxassislari mavjud bo‘lib, nazoratni amalga oshiradi», — dedi u.

Maxsus cho‘milish uchun sharoit yaratilgan joylarga — akvapark, basseyn va sport suv havzalari kiradi. Mutaxassis mana shunday joylarga borib cho‘milishni tavsiya qildi.

Cho‘kayotgan odam qutqaruvchi uchun xavf tug‘diradi

Uning so‘zlariga ko‘ra, suvga cho‘kayotgan odamni qutqarishga oshiqadiganlarning o‘zlari ham cho‘kib ketgan holatlari kuzatiladi.


«O‘tgan yillarda Qoraqalpog‘istonda suvga cho‘kib ketayotgan odamni qutqarishga urinib, o‘zi ham cho‘kib ketgan vaziyat yuz berdi. Suvda cho‘kayotgan insoni qutqarish juda ham murakkab jarayon. Chunki cho‘kayotgan inson jon-jahdi bilan harakat qiladi va uni qutqarmoqchi bo‘lgan odamni juda qiyin vaziyatga solib qo‘yadi. Ya’ni, u qutqarmoqchi bo‘lgan odamning ustiga chiqib ketadi yoki uni shunday quchoqlab oladiki — harakatlanishiga imkon bermay, qiyinchiliklar to‘g‘diradi», — dedi u.

Uning aytishicha, qutqarishning ham o‘ziga yarasha tartib-qoidalari, yo‘l-yo‘ruqlari bor.

Qutqarish texnikasi

Samandar Hikmatullayev cho‘kayotgan insonni qutqarmoqchi bo‘lganlar eng avvalo qo‘yidagilarni yodda tutishlari kerakligini ta’kidladi:

  • agar buning imkoni bo‘lsa, cho‘kayotgan odamga avval biror-bir narsani, masalan arqon, yoki uzun yog‘och tashlash usullaridan foydalanish;
  • qutqarmoqchi bo‘lgan odamning o‘zi birinchi navbatta suzishni yaxshi bilishi lozim;
  • qutqarishga borayotgan odam avvalambor cho‘kayotgan odamni o‘zidan uzoqlashtirishga harakat qilishi, shundan so‘ng, uning orqa tomoniga qisqa vaqt ichida o‘tib olishi zarur;
  • cho‘kayotgan insonning qo‘ltig‘ining orasidan qo‘lni kirgizib, uni orqa tomondan tortib, olib chiqish;
  • yoki cho‘kayotgan odamning bosh qismidan, sochidan tortib, olib chiqish;
  • iloji bo‘lsa, qutqarishga bir nechta odam bo‘lib harakat qilishi kerak.

«Mana shu uslublar cho‘kayotgan va uni qutqarmoqchi bo‘lgan insonning xavfsizligini ta’minlaydi», — dedi FVV Matbuot xizmati rahbarining o‘rinbosari.