Toshkent metropolitenining barcha yer usti stansiyalarida poyezdlar tezligi soat 12:00 dan 18:00 gacha pasaytiriladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror «havo haroratining keskin isishi sababli poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida» qabul qilindi.

Qayd etilishicha, elektropoyezdlar harakatining oraliq intervallari ham ortadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» 25−29 iyun kunlari kuzatiladigan anomal jazirama tufayli shaharlararo poyezdlar qatnovi tezligi ham chegaralangani haqida xabar bergan edi. Kompaniya shu sabali poyezdlar belgilangan manzillarga kechikib borish holatlari kuzatilishidan ogohlantirdi.

Aprel oyida Sergeli metro liniyasida yuqori harorat ta’sirida relslar uzaygani, bu kontakt relsining kronshteyni ushlab turish qurilmalaradan chiqib ketishiga hamda poyezdlarning to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan edi.

2021 yil iyun oyida jazirama tufayli Toshkent metropolitenining halqa liniyasida ham poyezdlar tezligi cheklangan edi.