Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada bir yigit ko‘chada o‘ziga tanish bo‘lgan qizni kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi. Holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilib, yigitning shaxsi aniqlandi. Bu haqda Farg‘ona IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, 25 iyun kuni Dang‘ara tumanida yashovchi, o‘zaro tanish bo‘lgan fuqarolar A.D, va N.T. (ayol) o‘rtasida rashk tufayli kelishmovchilik yuzaga kelgan. Oqibatda Navbahor MFY hududida A.D o‘z tanishi N.T ni qo‘l va oyoqlari bilan urib-tepib, voqea joyidan ketib qolgan.

«Hozirda mazkur xolat yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, Dang‘ara tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Tekshiruv yakuniga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni Surxondaryoda to‘yda kuyov kelinni urgani aks etgan videolar tarqaldi. Shundan so‘ng, kuyovga mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Sud kelinning da’vo va arizasi yo‘qligi sababli kuyovga ma’muriy jazo qo‘llamadi. Bundan tashkari, Uzun tumani IIB voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borib, kelin-kuyov hamda ularning ota-onalari bilan «profilaktik suhbati» o‘tkazgani xabar qilindi.

Shuningdek, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Senatda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan Ishchi guruh tuzildi.