O‘zbekiston 2025−2026 yillarga borib gaz eksportidan butunlay voz kechishi mumkin. Bu haqda «O‘ztransgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Behzot Normatov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Interfaks».

«Ehtimol, yaqin kelajakda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan barcha gaz O‘zbekistonda qoladi, chunki kimyoviy korxonalar kengaymoqda, ichki iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash zarur. Ha, eksport bor edi, lekin bizda haligacha iqtisodiy dinamika yo‘q. Biz yangi ish o‘rinlarini yaratishimiz kerak, lekin eksportni sof ko‘rinishda bo‘lishi kerak — bu iqtisodiyot uchun qanchalik foydali, uni qachon qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish mumkin?» — deya ta’kidladi u.

Behzot Normatovning so‘zlariga ko‘ra, eksportning to‘xtashi 2025−2026 yillarga kelib kuzatilishi mumkin.
Ayni paytda O‘zbekistonda qazib olinayotgan gazning qariyb 10 foizi Xitoyga eksport qilinmoqda. Uning qayd etishicha, foizlar O‘zbekistonning ichki ehtiyojlariga qarab oydan oyga o‘zgarib turadi, chunki ular ustuvor hisoblanadi. Qoidaga ko‘ra, eksport qilinadigan gaz hajmi qishda qisqarib, yozda ko‘payadi.

«O‘zbekiston hududida faoliyat yurituvchi, biz ma’lum majburiyatlarga ega kompaniyalar bor. Ya’ni, loyihalar iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida — Xitoy kompaniyalari, Rossiya kompaniyalari — biz ularning gazini eksport qilishni ta’minlaymiz. Ya’ni, bularning barchasini ichki bozorga yo‘naltirishimiz mumkin edi, lekin biz kelishuvlarga amal qilamiz», — dedi «O‘ztransgaz» rahbari.

2020 yilda bosh vazir Abdullo Aripov gaz eksportini 2025 yilgacha to‘xtatib, uni mamlakat ichida to‘liq qayta ishlashga va qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tilishini ma’lum qilgan edi.

2022 yildan buyon O‘zbekiston pandemiya davrida keskin pasaygan gaz yetkazib berish hajmini oshirmoqda. Besh oy davomida mamlakat 352,1 mln dollarlik (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar ko‘p) yoqilg‘i eksport qildi. Bu summadan 138,9 mln dollar aprelni o‘ziga, 122,6 mln dollari esa may oyiga to‘g‘ri kelgan.

Deputat Rasul Kusherbayev avvalroq O‘zbekiston mahalliy va xorijiy kompaniyalardan yoqilg‘i sotib oladigan gaz narxini ma’lum qilgan edi. U xorij korxonalari narxlarining yuqoriligidan noroziligini bildirib, bu holatni «vatanidan ko‘ra pulni yaxshi ko‘radigan ba’zi amaldorlarning qilmishlari» bilan bog‘liq, deb hisoblagandi.