O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

«Jonajon O‘zbekistonimiz o‘z taraqqiyotining yangi va muhim bosqichiga qadam qo‘yayotgan hozirgi davrda media sohasi vakillari — jurnalist va muharrirlar, rejissyor va operatorlar, blogerlar, tele-radio kanallar, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxona xodimlari Vatanimizning demokratik qiyofasini shakllantirish, uni dunyoga tarannum etishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotganini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Prezident mamlakatda ommaviy axborot vositalari soni 2016 yilga nisbatan qariyb 30 foizga ortib, 1962 taga yetganini ta’kidlab, ayniqsa, xususiy media vositalari jamiyatda fikrlar xilma-xilligini ta’minlashda, tub islohotlarni amalga oshirishda, joylarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va muammolarni dadil ko‘tarib chiqishda muhim omil bo‘layotganini e’tirof etdi.

Shuningdek, milliy axborot makonida internet nashrlarining soni so‘nggi 6 yilda salkam ikki barobar ko‘payib, 677 taga yetgani alohida ta’kidlandi.

«Natijada davlat va nodavlat tashkilotlarining axborot manbalari yanada ortib, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarga tezkor munosabat bildirish, turli mavzular bo‘yicha ochiq, xolis va tanqidiy fikr bilan chiqishda katta imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston media kompaniyalari ham jahon axborot maydonida munosib o‘rin egallab, global siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishga intilayotgani, buning uchun tinimsiz mehnat qilish, ilg‘or xorijiy tajribalar, zamonaviy axborot texnologiyalari, serqirra tahlil usullarini o‘zlashtirib, doimo izlanib yashash, milliy jurnalistikaning yangi avlodini tarbiyalash zarurligini qayd etdi.

Prezident fuqarolar uchun axborot sohasida qulay imkoniyatlar yaratish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va ta’sirini kuchaytirish — yana bir ustuvor vazifa ekanligini aytib o‘tdi.

«Shuni qayd etish zarurki, sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, xodimlar mehnatini rag‘batlantirishga bundan buyon ham doimiy e’tibor qaratamiz», — dedi u.

Davlat rahbari OAVni qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha kuni kecha qabul qilingan prezident qarorida OAVning qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, ehtiyojmand va yosh jurnalistlarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirish belgilanganini eslatib o‘tdi.

Shu bilan birga, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ba’zi joylarda OAV xodimlariga mensimay qarash, ularning o‘z vakolati doirasida erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilish holatlari uchrayotgani tilga olindi.

«Ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘z faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish — bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obro‘siga putur yetkazish sifatida baholanishi kerak. Sud va prokuratura organlari bizga mutlaqo yarashmaydigan bunday salbiy holatlar bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishi lozim», — deya ta’kidladi.

«Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning o‘quvchilarimiz. Bu borada hali ko‘p narsalarni o‘rganishimiz zarur. Farzandlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashda jurnalistika sohasi vakillari, muhtaram faxriylarimiz o‘zlarining boy tajribasi va ibratli fazilatlari bilan alohida namuna ko‘rsatadilar, deb ishonaman», — deya ta’kidladi prezident.