Biznes-ombudsman devoni xodimlari Qurilish vazirligi va uning hududiy bosh boshqarmalari xodimlarining 1326 ta holatda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq talablarni buzganini aniqladi. Bu haqda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil xabar bermoqda.

Bunda 90 nafar xodim 1091 ta holatda turli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda belgilangan muddatlarni kechiktirgan, ortiqcha hujjatlar talab qilgan va murojaatni asossiz rad etgan.

Shuningdek, tadbirkorlarning ruxsat berish bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqishda Farg‘ona viloyatida 8 ta, Toshkent shahrida 3 ta holatda litsenziyalash hamda ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan.

Bundan tashqari, qurilishda litsenziya berish masalasini ko‘rib chiqish muddati 7 ish kuni bo‘lsada, vazirlik markaziy apparati xodimlari 7 ta holatda bunga amal qilmagan. Yana 197 ta holatda qonunchilikka zid ravishda murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari o‘tkazib yuborilgan.

Qolaversa, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida 20 ta holatda o‘tkazilgan o‘rganishlar Biznes-ombudsmanni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi uchun vazirlik va uning hududiy bosh boshqarmalarining 143 nafar xodimiga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgani ma’lum qilindi.