25 iyun kuni «Bu mening Konstitutsiyam» portalida konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun o‘zbek va rus tillarida e’lon qilindi. Loyiha Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda bir ovozdan qabul qilingan edi.

Avvalroq xabar qilganimizdek, Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha 46 kishidan iborat konstitutsiyaviy komissiya bir oy ichida hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Portal orqali fuqarolar va tashkilotlardan 60 mingdan ortiq takliflar qabul qilib olindi.

Parlament quyi palatasining juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida komissiya takliflar yig‘ishda davom etishi va ularni umumlashtirib, deputatlar muhokamasiga taqdim etishi aytildi.

«Bu mening Konstitutsiyam» portali foydalanuvchilarni «Rahmat. Asosiy qomusimizga e’tiborsiz bo‘lmasdan, taklif yuborganingiz uchun minnatdormiz!» yozuvlari bilan qarshilaydi.

Hujjat hozircha faqat PDF shaklida mavjud. Alohida moddalarga sharh qoldirish imkoniyati yo‘q. Lekin sharhlarni portal, 1341 call-markazi orqali yuborishingiz yoki Qonunchilik palatasiga pochta orqali yoki shaxsan tashrif buyurish (Toshkent, Bunyodkor shoh ko‘chasi, 1) orqali yuborishingiz mumkin.

Muhokama 10 kun — 4 iyulgacha davom etadi. Konstitutsiyaviy qonunning yakuniy loyihasi referendumga qo‘yiladi.

Qonunchilik palatasining murojaatida qayd etilishicha, loyihada Konstitutsiyaning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Parlament quyi palatasi fuqarolarni muhokamada faol ishtirok etishga chaqirdi: «Har bir inson ushbu hujjatni meniki, Mening Konstitutsiyam deyishi, unda o‘zini, oilasini, mahallasini, jamiyat va davlatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolar yechimini ko‘rishi muhim. Yurt kelajagi va Vatanimiz taqdiri siz va bizning mazkur jarayondagi faol ishtirokimizga bog‘liq bo‘lib, kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.».

Qonun loyihasi «Narodnoye slovo» va «Xalq so‘zi» gazetalarida ham e’lon qilindi. Gazetalarning PDF versiyalari ushbu nashrning saytida mavjud.