Apple kompaniyasi va O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda AKT vazirligi ma’lum qildi.

AKT vazirligi rahbari ayni kunlarda ishchi tashrif bilan AQShda bo‘lib turibdi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari tashrif doirasida Apple kompaniyasining davlat tashkilotlari bilan aloqalarga mas’ul rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekistonda Apple kompaniyasi faoliyatini kengaytirish, jumladan, joriy etilayotgan 5G tarmoqlarida iPhonedan foydalanish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish va Appstore’da mahalliy dasturchilarga imkoniyatlarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdilar.

Shuningdek, kompaniya vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda ApplePay tizimini joriy etish, Swift dasturlash tilini ommalashtirish yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilish taklifi berildi.

Coursera platformasi bilan aloqalar

AQShga tashrif davomida vazirlik ishchi guruhi Coursera ta’lim platformasi vakillari bilan ham uchrashdi. AKT vaziri Sherzod Shermatov Coursera bilan jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan IT sohasidagi kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yishga kelishganini o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.


Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

«Uzbekcoders.uz platformasida BAA bilan hamkorlikda amalga oshirilgan „Bir million dasturchi“ qo‘shma loyihasining mantiqiy davomi sifatida endi haqiqiy mutaxassis bo‘lib o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lganlarga Coursera bilan xalqaro darajada o‘qitib sertifikatsiyalash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni kelishdik», — deb yozdi vazir.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu kurslarni bitirgan va sertifikatni qo‘lga kiritgan yoshlar IT kompaniyalarida yuqori daromadli ishlarga qabul qilinishlariga yoki frilans orqali buyurtmalar olishlariga kengroq yo‘l ochiladi.
«IT sohasidagi mutaxassislarga dunyoda talab ortib bormoqda, shuning uchun bu sohada yoshlarimiz qunt bilan o‘qib, yaxshi mutaxassis bo‘lishsa, ular bemalol o‘z yurtida yashab, iqtisodiy rivojlangan davlatlarga xizmatlarini eksport qilib, yuqori daromad topa oladi, keyinchalik esa o‘z startapini rivojlantirishi ham mumkin bo‘ladi», — deb yozadi Sherzod Shermatov.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, bungacha O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari AQShda Jahon banki, USAID, VISA, Plug and Play kompaniyalari hamda AQSh davlat departamenti vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Coursera 2012 yil AQShda tashkil topgan yirik va ochiq onlayn ta’lim platformasi hisoblanadi. Uning hozirda 92 mln foydalanuvchisi bor. Coursera’dan dasturlash, matematika, ingliz tili, menejment va boshqa ilg‘or sohalariga doir video kurslarni topish va ba’zilarini bepul o‘rganish mumkin. 2021 yilda dunyo bo‘ylab 150 universitet bu platformada 4000 ta kursni taklif etgan. Google, IBM, Meta, Intel kompaniyalari ham ushbu platforma orqali IT sohasidagi kurslarni joriy qilib, unda o‘qish orqali xalqaro-professional sertifikatni taqdim etadi va u 4 yillik bakalavr diplomlariga tenglashtiriladi.