2023 yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi. Bu haqda 21 iyun kuni prezident [ PQ-29-sonli] qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

2024/2025 o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida universitetning pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonlari ikki bosqichda — dastlabki imtihon va kirish test sinovlari orqali amalga oshiriladi.

Bunda:️

  • dastlabki imtihon va kirish test sinovlari DTM tomonidan o‘tkaziladi;
  • dastlabki imtihon doirasida abituriyentlarning pedagogik kasbga moyilligi o‘rganiladi;
  • kirish test sinovlarida qatnashishga faqat dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga ruxsat etiladi.

2024 yil 1 yanvarga qadar universitet faoliyatida «Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish» axborot tizimini to‘liq joriy etiladi. Shuningdek, OTMning ilmiy jurnali Scopus, Web of Science yoki boshqa xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritiladi.

Qolaversa, 2023 yil 1 martgacha umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi ilg‘or o‘qituvchilarning ochiq darslarini onlayn platformalar orqali namoyish qilish va ularning muhokamasini tashkil etish amaliyoti joriy qilinadi, deyiladi xabarda.

Avvalroq, prezident qarori bilan O‘zbekistonning 10 ta hududida pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha 8 ta institut va 2 ta universitet tashkil etilishi xabar qilingandi. Bundan tashqari, pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning 2−4-bosqich talabalari uchun «4+2» shaklidagi ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.