Prezident 24 iyun kuni «Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Bu haqda prezident Administratsiyasiga yaqin bo‘lgan Nigoh Telegram-kanali xabar berdi.

Hujjat bilan O‘zbekistonda pedagogika yo‘nalishida 10 ta OTM tashkil etilishi belgilanmoqda.

Ular quyidagilardan iborat:

  • Urganch davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Urganch davlat pedagogika instituti;
  • Namangan davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Namangan davlat pedagogika instituti;
  • Guliston davlat universiteti pedagogika ta’lim sohasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Guliston davlat pedagogika instituti;
  • Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti negizida O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti;
  • Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Andijon davlat pedagogika instituti;
  • Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Buxoro davlat pedagogika instituti;
  • Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Termiz davlat pedagogika instituti;
  • Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Shahrisabz davlat pedagogika instituti;
  • Chirchiq davlat pedagogika instituti negizida Chirchiq davlat pedagogika universiteti;
  • Jizzax davlat pedagogika instituti negizida Jizzax davlat pedagogika universiteti tashkil etiladi.

Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

  • pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2−4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari «4+2» tartibida, shu jumladan darslarning 4 kuni OTMda, 2 kuni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tash tartibida olib borilishi ta’minlanadi;
  • har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-o‘qituvchilarini ushbu muassasalarning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xorijiy davlatlarga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborish choralari ko‘riladi.

Belgilanishicha, 2023/2024 o‘quv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarining 14 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi.

Ular:

  • Matematika va informatika;
  • Fizika va astronomiya;
  • Kimyo;
  • Biologiya;
  • Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari;
  • O‘zbek tili va adabiyoti;
  • Ona tili va adabiyoti (tillar bo‘yicha);
  • O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili;
  • O‘zga tilli guruhlarda rus tili;
  • Xorijiy til va adabiyoti (tillar bo‘yicha);
  • Chaqiriqqacha harbiy ta’lim;
  • Maktab menejmenti;
  • Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (tillar bo‘yicha);
  • Maxsus pedagogika (faoliyat turlari bo‘yicha).

Shuningdek, ushbu ta’lim yo‘nalishlariga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga ta’lim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi.