Hisob palatasi tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturiga ajratilayotgan mablag‘lardan foydalanish yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida Namangan viloyatida subsidiya va imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga qurilgan issiqxonalar ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Chortoq tumani Baland adir hududida tashkil etilgan 1000 ta 2 sotixlik issiqxonaning 95 foizi hozirda yaroqsiz holga kelib, ulardan foydalanilmaydi.

2020 yil iyun oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Chortoq tumanida issiqxonalar majmuasini barpo etish loyihasi bilan tanishgan edi. Baland adir dashtliklarida uzoq yillar davomida foydalanilmagan 36 gektar maydondagi har biri 2 sotixli 1000 ta issiqxona loyihasi “Golden Nats Namangan” agro tomorqa xizmati MCHJ hamkorligida amalga oshirilayotgani aytilgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Unda umumiy qiymati 13 mlrd so‘m bo‘lgan 2 sotixli 1000 ta issiqxona loyihasi uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan 6,7 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari va tijorat banklarining 6,3 mlrd so‘mlik imtiyozli krediti yo‘naltirilgani ta’kidlanadi.

“Hozirgi kunda yiliga 7 ming tonna sabzavot mahsulotlari yetishtirish imkonini beradigan har biri 2 sotixdan bo‘lgan 800 ta issiqxona qurib egalariga topshirildi. Qolgan 200 tasi iyul oyi oxirida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ushbu loyihaning afzalligi sifatida “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida bir joyda eksportbop sifatli mahsulot yetishtirilishi, kambag‘al oilalar doimiy daromad manbalariga ega bo‘lishi va bandligi ta’minlanishi, shuningdek, mahsulotni yetishtirishda ko‘chat, suv, mineral o‘g‘it hamda bozor ta’minoti tadbirkor tomonidan kafolatlanishi qayd etiladi.

Issiqxonalarda Chortoq tumanidagi 800 ta kambag‘al oila a’zolarining bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, davlat rahbariga ushbu loyihaning afzalliklari va imkoniyatlari berilgan ma’lumotda 2 sotixli issiqxonada uch marta hosil yetishtirish imkoniyati borligi aytilgan edi.