«Yashil makon» respublika loyihasi doirasida fevral-may oylarida amalga oshirilgan ko‘chatlar ekish bo‘yicha hisobotlarda ma’lum hududlarda qo‘shib yozish, sug‘orish va parvarishlash ishlari olib borilmayotgani qayd etilgan. Bu haqda daraxt ko‘chatlarini ekish va bajarilgan ishlarning ishonchliligini o‘rganish yakunlari bo‘yicha Hisob palatasi ma’lum qildi.

Joriy yilning bahorgi davri hisobotlarida respublikada 129,6 mln tup ko‘chat ekilgani (ilgari 125 million dona rejalashtirilgan) qayd etilgan.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda hokimliklar, mas’ul tashkilot va rahbarlar tomonidan ko‘chat ekishga «yetarlicha diqqatli munosabatda bo‘linmagan». Hisob palatasi, xususan, quyidagi kamchiliklarni ko‘rsatdi:

  • daraxt ekish ishlarini tizimli tashkil etmasdan, sug‘orish va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar biriktirilmagan;
  • haqiqatda ekilmagan 6,2 mln dona ko‘chatlar hisobotlarga qo‘shib yozilgan;
  • 3,4 mln dona ko‘chatlar daraxt va ko‘chatlar sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan;
  • 2,4 mln dona ko‘chatlar suvsizlik va yetarli parvarish bo‘lmaganligi sababli bahor tugamasdan qurib nobud bo‘lgan;
  • yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming dona ko‘chatlar yaroqsiz yerlarga ekilgan bo‘lib, 65 ming donasida ko‘chatlar orasida belgilangan masofa saqlanmagan.

Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tegishli vazirliklarga aniqlangan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib, qayd etilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, shu jumladan, ko‘chatlarni parvarishlashga jiddiy e’tibor qaratish va mas’ullarga keskin intizomiy choralar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2021 yilning noyabr oyida umummilliy «Yashil makon» loyihasiga start berib, uning doirasida 200 mln dona ko‘chat ekish rejalashtirilgan edi. O‘tgan yilning kuzida 85 mln tup ko‘chat ekilgan bo‘lsa, bahorga 125 mln tup ko‘chat o‘tqazish belgilangandi. Davlat rahbari ko‘chat ekishda qo‘shib yozish holatlarini bir necha bor tanqid qilgan.

Aprel oyida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ko‘chat ekishda kompleks parvarishlash va boshqarishsiz daraxtlar taqdirini oldindan aytib bo‘lmasligini, shuning uchun ekishning texnik-iqtisodiy asoslanishi va loyiha ishtirokchilarining yanada muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari zarurligini ta’kidlagandi.

Iyun oyida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMTTD va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamkorligida «O‘zbekiston Respublikasining „Yashil makon“ tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bosh rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlar» qo‘shma loyihasini ishga tushirdi.