Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev to‘rt davlatlarning xavfsizlik kuchlari sintetik giyohvand moddalarni sotish bo‘yicha yirik xalqaro narkotik kanali faoliyatiga chek qo‘yganini ma’lum qildi. Bu haqda Rossiya IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, maxsus operatsiya Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari «Rossiya pochtasi» xavfsizlik bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

«Natijada Rossiya hududida, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida sintetik giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishni keng miqyosda tashkil yetgan transmilliy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Sakkizta yashirin giyohvandlik laboratoriyasi yo‘q qilindi. 600 litr „prekursor“ va 30 kilogramm atrofida narkotik moddalar musodara qilindi, bu taxminan 150 ming dozani tashkil etadi», — dedi Vladimir Kolokolsev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hajmdagi narkotik narxi qora bozorda 280 mln rubldan (taxminan 5,2 mln dollardan) oshadi. Ta’kidlanishicha, giyohvandlik guruhi tashkilotchi va a’zolari qo‘lga olindi.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, Omsk viloyatida yashovchi fuqaro o‘z uyida dori laboratoriyasini jihozlagan. U «Alfa-PVP» sintetik narkotikni o‘z ichiga olgan eritma tayyorlab, keyin esa maishiy kimyo, mashina moyi va boshqalar niqobi ostida «tovar»ni pochta orqali yuborib kelgan. Posilkalarni qabul qiluvchilar vaqtinchalik laboratoriyalarda dori vositalarini yashirin paketchalar orqali sotish uchun tayyorlagan.

«Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishini to‘xtatish bo‘yicha qo‘shma maxsus operatsiya olti oy davom etdi. Muvofiqlashtirilgan harakatlar natijasida Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yashirin laboratoriyalari tugatildi. Ular oyiga 200 kilogrammgacha narkotik ishlab chiqargan», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Rossiya va xorijiy davlatlar hududida 20 dan ortiq narkobiznes ishtirokchilari qo‘lga olingan. Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 228.1-moddasi 5-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Hozirda guruhning boshqa a’zolarini aniqlashga qaratilgan terkor tadbirlar ham o‘tkazilmoqda.