«Qo‘yliq» bozori yo‘lo‘tkazgich qurish maqsadida davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilmoqda

Toshkent halqa yo‘lining kengaytirilishi munosabati bilan poytaxt hokimi «Qo‘yliq» bozori va savdo markazi joylashgan obyektlarni kompensatsiya to‘langanidan keyin jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat beruvchi qarorni imzoladi.

Toshkent viloyati hokimiga o‘rinbosar sifatida ishga kiritib qo‘yish evaziga $200 ming so‘ragan shaxslar qamaldi

Qibrayda yashovchi er-xotin yuqori lavozimdagi tanishlari orqali fuqaroni Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimiga $200 ming evaziga ishga kiritib qo‘yishga urindi. Ular avans sifatida $130 mingni olganida ushlangan. Sud erkakni 7 yilga, ayolni esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Ijtimoiy tajriba: Andijonda nogironlik aravachasidagi yigit avtobuslarga chiqarilmadi

Farg‘onalik blogerlar viloyat markazida o‘tkazgan ijtimoiy tajribada avtobus haydovchilari nogironlik aravachasidagi yigitga panduslarni tushirib berishdan bosh tortishdi yoki uni ishlatishni bilishmadi. O‘nta avtobusdan faqat uchtasiga yo‘lovchilar yordami bilan chiqishga muvaffaq bo‘lindi.

MO davlatlari va Rossiya xavfsizlik kuchlari xalqaro narkoguruh faoliyatiga chek qo‘ydi

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari 6 oy mobaynida maxsus operatsiya o‘tkazdi. Natijada 8 ta narkolaboratoriya va qariyb 30 kg sintetik narkotik modda musodara qilindi. Oyiga 200 kggacha narkotik ishlab chiqargan guruhning 20 dan ortiq a’zosi qo‘lga olindi.

Tanqidlardan so‘ng Chimboyda o‘tkazilgan IT-tanlov g‘oliblariga kompyuterlar berildi

Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida o‘tkazilgan «IT-bilimdoni» tanlovida dastlab «udlinitel» va klaviatura bilan taqdirlangan g‘oliblarga kompyuter sovg‘a qilindi. Alisher Sa’dullayev xodimlarni bunday kichik xatolar bilan mamlakat obro‘sini to‘kmaslikka va yoshlarning kayfiyatiga ta’sir qilmaslikka chaqirdi.

Inson a’zosini ko‘chirib o‘tkazishga majburlaganlar 8 yilgacha qamalishi mumkin

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, insonni a’zolarini ko‘chirib o‘tkazishga rozilik berishga majburlaganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Qolaversa, tana a’zolari oldi-sotdisi va ularni mamlakatdan tashqariga olib chiqishga ham javobgarlik tayinlanmoqda.

Payshanba kuni Farg‘ona va Xorazmdan tashqari barcha hududda kovid aniqlandi

Payshanba kuni yana 94 kishining kovidga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Kun davomida 12 ta hududda virus yuqtirib olish holati kuzatilgan, shundan eng ko‘pi Toshkentda — 41 ta. Avvalroq, O‘zbekistonda omikronning eng yuqumli varianti — «Stels-omikron» aniqlangani ma’lum bo‘lgandi.

Andijonda avtomaktab o‘qituvchisi «prava» olib berishga uringanlikda gumonlanmoqda

Andijonda avtomaktab o‘qituvchisi mashg‘ulotlarda qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishga uringanlikda ayblanmoqda. Gumondor buning evaziga 5,8 mln so‘mni olganida qo‘lga tushdi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

14 ta tuman va shaharda elektr energiyasini sotuvchi xususiy kompaniyalar tashkil etiladi

O‘zbekistonda energetika bozorini boshqarishning yangi tizimi joriy etiladi, xususan, «O‘zbekiston MET» kompaniyasining elektr energiyasini yagona xarid qilish va magistral tarmoqlarni boshqarish vakolatlari xususiy korxonalarga o‘tkaziladi. Dastlab 14 ta tuman va shaharda xususiy kompaniyalar tashkil etiladi.

Jizzaxda Jiguliga o‘rnatilgan gaz balloni portlab ketdi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida gaz quyish shoxobchasida yoqilg‘i to‘ldirilayotgan «VAZ-2106» rusumli avtomobilning gaz ballonida portlash sodir bo‘ldi. Bunga mashinadagi nosozlik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Viloyat FVB hech kim jarohat olmagani va yong‘in kelib chiqmaganini ma’lum qildi.

O‘zbek taekvondochilari Osiyo chempionatida oltin va kumush medalni qo‘lga kiritdi

Taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatida Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov oltin, Charos Qayumova esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonda pedagogika yo‘nalishida 10 ta OTM tashkil etiladi

Prezident qarori bilan O‘zbekistonning 10 ta hududida pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha 8 ta institut va 2 ta universitet tashkil etiladi. Bundan tashqari, pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning 2−4-bosqich talabalari uchun «4+2» shaklidagi ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.