Toshkent viloyatida er-xotin yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlab berishni va’da qilgani aytilmoqda. Bu haqda IIV xabar berdi.

IIBBga ayol kishidan kelib tushgan ariza asosida DXX, IIV Jinoyat-qidiruv bosh boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Qibray tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Ta’kidlanishicha, o‘zaro sha’riy nikohda bo‘lgan Feruza Muxidova va Abrorjon Dadaboyev arizachi ayolga diplom hamda attestat tayyorlab berishlarini aytgan. Erkak o‘zining mansabdor tanishlari orqali dastlab Toshkent viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisligiga, bir muddatdan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlashda yordamlashishiga ishontirgan. Ular buning evaziga ayoldan 200 ming AQSh dollari so‘ragan.

13 oktabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1982 yilda tug‘ilgan Feruza Muxidova poytaxtdagi Novza metro bekati qarshisida joylashgan savdo majmuasida ariza bergan odamdan $130 ming olayotganda dalillar bilan ushlangan.

Gumondorlarga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan shuningdek, 28,211-moddaning 3-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ish hujjatlari JIB Qibray tuman sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud ajrimiga ko‘ra, Abrorjon Dadaboyevga 25, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlashdan mahrum qilindi. Shuningdek, BHMning 200 baravarida (54 mln so‘m) jarima va 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Feruza Muxidova esa 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Qolaversa, u BHMning 100 baravarigacha (27 mln so‘m) jarima va 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Unga Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati berildi.