Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida o‘tkazilgan «IT-bilimdoni» ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga dastlab sertifikatlar, noutbuk sumkasi, klaviatura, «udlinitel» va statsionar kompyuterlar sovg‘a qilindi. Bu haqda payshanba kuni kechki payt Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.

Tuman hokimligining Telegram-kanalida yoshlarni taqdirlash haqidagi ma’lumot fotosuratlar bilan paydo bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari va blogerlar bunga e’tibor qaratganidan so‘ng, u olib tashlandi.


Foto: Chimboy tumani hokimligi.

Alisher Sa’dullayev internetdagi rezonansga javob qaytarar ekan, tashkilotchilaridan biri bo‘lgan agentlik tanlovga kerakli darajada tayyorlanmaganini tan oldi. U hamkasblariga «davlatning misqollab yig‘adigan obrusini shunaqa mayda, kichik xatolar bilan yo‘q qilish kerak emas"ligini ta’kidladi.

«Xalqning, yoshlarning kayfiyati — juda ham muhim. Shuning uchun hamma mas’ullardan shunaqa tanlov va tadbirlarga professional yondashishini so‘rardim. U kichkinami, kattami baribir yoshlarning ko‘nglidan o‘tadi», — dedi u tanlov g‘oliblarini munosib taqdirlashga va’da berib.


Foto: t.me/alisher_sadullaev.

Taqdirlash marosimidan olingan yangi suratlarni joylashtirgan agentlik rahbari shunday dedi: «Yoshlarimiz bu holatdan tushkunlikka tushmasliklarini so‘rab qolamiz. Bilimli yoshlarimizni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz!».