O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 24 iyun kuni «BRIKS plyus» formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.


Xitoy tomoni raisligida o‘tgan onlayn forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari bilan bir qatorda Argentina prezidenti Alberto Fernandes, Indoneziya prezidenti Joko Vidodo, Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Braziliya vitse-prezidenti Gamilton Mourau, shuningdek, Kambodja, Malayziya, Tailand, Fidji va Efiopiya hukumatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, tashkilotchilar tomonidan tadbirning asosiy mavzusi sifatida global sheriklikni rivojlantirish va Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini birgalikda ilgari surish masalalari belgilandi.

Xavfsizlik va barqarorlik borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik, savdo va investitsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, ekologiya, gumanitar sohalarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida «BRIKS plyus» formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformatsiya davrida yashayotgani — xalqaro keskinlik tobora kuchayib borayotgani va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon bo‘layotgani qayd etildi.

Ishtirokchilarning e’tibori «Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun» degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettirayotgan Yangi O‘zbekiston bunday sharoitda keng ko‘lamli hamkorlik, shu jumladan «Janub-Janub» formatidagi sheriklik uchun ochiq ekaniga qaratildi.

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlarni yengib o‘tish maqsadida savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, vaksinalar ishlab chiqish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.


Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida «BRIKS plyus» ishbilarmon doiralari forumini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

O‘zbekiston Prezidenti transport-kommunikatsiyalar sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish hamda «Shimol — Janub» va «G‘arb — Sharq» transkontinental yo‘nalishlariga mintaqani jalb etish tashabbusini ilgari surdi.

BMTning bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror va ochiq harakatini ta’minlash bo‘yicha da’vati qo‘llab-quvvatlandi.

Jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining yarmigacha bo‘lgan qismini ta’minlayotgan BRIKS mamlakatlarining ulkan salohiyatidan kooperatsiyani mustahkamlash, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va ulardan foydalanishning ishonchli tizimlarini shakllantirish yo‘lida foydalanish muhim ekani ta’kidlandi.

Kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida dasturlarni amalga oshirish, iqlim o‘zgarishlari va inson salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirish sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatimiz Universitetlar ligasi va Tarmoqli universitet kabi BRIKS dasturlarida ishtirok etishdan, shuningdek, professional ta’lim va yoshlarga doir siyosat sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston tomoni Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatida BRIKS va SHHTning o‘zaro amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni ham taklif etdi.

So‘zining yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev «BRIKS plyus» shaklidagi muloqotning o‘tkazilishi tezkor ravishda umumiy tahdidlarning oldini olish, global barqarorlik va mamlakatlarning izchil taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida ishtirokchilarning intilishlari mushtarakligini yana bir bor namoyish etganini ta’kidladi.

Boshqa xorijiy yetakchilarning nutqlarida ham global sheriklikni va 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini ilgari surishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Iqtisodiyot, innovatsiyalar va «yashil» texnologiyalar, savdo, transport va kommunikatsiyalar, ekologiya, boshqa ustuvor sohalardagi ko‘p tomonlama muloqotning istiqbolli yo‘nalishlari qayd etildi, deyiladi xabarda.