BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) tashbbusi bilan «O‘zbekiston Respublikasining „Yashil makon“ tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun bosh-rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlar» yangi qo‘shma loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda, deb «Gazeta.uz»ga xabar berdi BMTTD.

Loyihaning asosiy maqsadi innovatsion uzoq muddatli moliyalashtirish, muvofiqlashtirish va salohiyatni oshirish orqali «Yashil makon» tashabbusining iqlimga chidamliligini oshirishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Loyiha — Ekologiya qo‘mitasi, BMTTD va BMT YeIK tomonidan birgalikda moliyalashtiriladi. U tegishli milliy hamkorlar, jumladan, Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi, O‘zgidromet, Suv xo‘jaligi vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan 22 iyun kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida kelishuv bayonnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

«„Yashil makon“ tashabbusi mamlakatning iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va iqlim ta’siriga moslashish bo‘yicha Parij kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishga yordam beradi. Mamlakatning ba’zi hududlarida daraxtlar tuproq sifatini yaxshilaydi va cho‘llanishning oldini olish yoki hatto uni yaxshi holga qaytarishga yordam beradi. Chang bo‘ronlari katta xavf tug‘diradi va ularga qarshi kurash milliy va xalqaro miqyosda kuchli sheriklik va hamkorlikni talab qiladi», dedi BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Marina Volter o‘z nutqida.

«Ushbu tashabbus allaqachon oldinga siljimoqda va biz BMTTDda uni istalgan natijalarga erishish uchun uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni safarbar qilib, yordam berish orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Qo‘shma loyiha bir-birini mustahkamlaydigan ikkita o‘zaro bog‘langan va integratsiyalashgan asosiy natijalarga erishish asosida quriladi:

  1. O‘rmonlashtirish tashabbusini moliyalashtirish, samarali monitoring va tekshirish tizimini yaratish uchun innovatsion moliyaviy vositalardan foydalangan holda moliyaviy rejalarni ishlab chiqish.
  2. O‘zbekiston landshaftlari va shaharlarini ko‘kalamzorlashtirish: bosh rejalashtirish va barqaror kelajak uchun ishlash.

«BMTTD tomonidan taklif etilayotgan moliyaviy vositalar mamlakatga ixtiyoriy uglerod savdosi bozorlariga yo‘l ochadi, shuningdek, o‘rmonzorlar o‘stirish orqali uglerod zaxiralarining qaytarilishini ta’minlaydi va o‘rmonlashtirish bilan bog‘liq moliyaviy yukni kamaytiradi», — deyiladi BMTTD xabarida.
Qo‘shma loyiha, shuningdek, ekologik va barqaror ish o‘rinlarini yaratishga, ayniqsa, O‘zbekistonda qishloq ayollari uchun shunday ish joyi yaratishi kutilmoqda.

Avvalroq BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska «Gazeta.uz» ruknida «Yashil makon» loyihasi puxta rejalashtirish va samarali muvofiqlashtirishni talab qilishini ta’kidlagan edi. «Yashil makon»ning 1 milliard daraxt ekish loyihasi havoni tozalash va aholi salomatligini muhofaza qilishga yordam beradi. Ammo ko‘chatlarni ekishni har tomonlama parvarish qilmasdan va boshqarishsiz daraxtlarning taqdirini oldindan aytib bo‘lmaydi. Shuning uchun ekishning texnik-iqtisodiy asoslanishi va loyiha ishtirokchilarining yanada muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari kerak, deb yozgandi o‘shanda u.