Termez Cargo Center xalqaro miqyosda gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro xabga aylantirildi. Bu prezidentning 21 iyundagi [PQ-288-son] qarorida qayd etilgan.

Hujjatga asosan Surxondaryo viloyatidagi xalqaro yuk tashishda keng ko‘lamli transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega Termez Cargo Center`ga Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berilmoqda.

Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xab maqomiga ega bo‘lishi bilan yuk markaziga qo‘shimcha vazifalar yuklangan:

  • xalqaro xabdan foydalanuvchi manfaatdor xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillariga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
  • xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tomonidan Afg‘oniston va boshqa davlatlarga yuborilayotgan insonparvarlik yordamini havo, temir yo‘l va avtomobil transportidan foydalangan holda qabul qilish, saqlash va jo‘natishni ta’minlash;
  • kompleks transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan yuklash-tushirish operatsiyalari, yuklarni tashish va saqlash, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena me’yorlari talablariga rioya etish.

Termez Cargo Center Termiz xalqaro savdo markazi ishtirokchilari reyestriga kiritilganligini hisobga olgan holda xalqaro xab hududida:

  • bojxona, soliq, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank xizmatlari, sertifikatlashtirish xizmatlari, valyuta ayirboshlash, mobil aloqa, tibbiy va mehmonxona xizmatlari, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va boshqa xizmatlarni «bir darcha» tamoyili asosida, shuningdek, interaktiv shaklda ko‘rsatish joriy etilmoqda;
  • Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam sifatida yuborilgan tovarlar bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotganda ularni bojxona rasmiylashtiruvi ustuvor va soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro xab tashkil etilgani to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish, O‘zbekistonga ushbu xabdan foydalanuvchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari kirishi uchun ariza va arizalar bo‘yicha hujjatlarning o‘z vaqtida va tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlash topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yildan buyon keng turdagi transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish uchun infratuzilmaga ega bo‘lgan hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidan 2 km dan kamroq masofada joylashgan ushbu korxona BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha logistik xab sifatida foydalanilmoqda.

Oktabr oyi o‘rtalarida Termez Cargo Centre’ga BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasidan Afg‘oniston uchun mo‘ljallangan 100 tonnadan ortiq gumanitar yordam kelib tushdi. Keyinroq yuk Mozori-Sharifga jo‘natildi. Shundan so‘ng BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi O‘zbekistonga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, 22 iyunga o‘tar kechasi Afg‘onistonda 6,1 magnitudali vayronkor zilzila sodir bo‘lgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, mingdan ortiq kishi esa jarohatlangan. O‘zbekiston bir kun avval Afg‘oniston xalqiga hamdardlik bildirdi va mamlakat hukumati tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.