O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Plug and Play markazi ochiladi. Bu haqda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

AKT vazirligi rahbari ayni kunlarda ishchi tashrif bilan AQShda bo‘lib turibdi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari AQSh Davlat departamenti, Jahon banki, USAID, VISA kompaniyalarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

«Plug and Play startaplarni saralab, ularni o‘sishiga yordam beradi, katta korporatsiyalar bilan bog‘laydi hamda venchur kapital sarmoyalarini jalb etishga ko‘maklashadi. Bu kabi unikal ekotizimni bizda ham tashkil etilishi yoshlarimizning yangi startaplari orasidan UNICORN darajasigacha chiqqan loyihalar bo‘lishi uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi deb umid qilamiz», — deb yozdi vazir.

2017 yilning sentabrida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi Kremniy vodiysida (AQSh, Koliforniya) bo‘lib, jahon miqyosida muvaffaqiyatli g‘oyalarni amalga oshiruvchi biznes-inkubatori — Plug and Play Tech Center texnologik kompaniyasi bosh ofisi faoliyati bilan tanishgandi.

Plug and play — startaplar, korporatsiyalar, universitet va davlat idoralarini birlashtiruvchi yetakchi innovatsion platforma bo‘lib, kompaniya besh qit’ada 40 dan ortiq manzillarda faoliyat yuritadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Plug and play o‘z venchur fondiga ega va buning natijasida Dropbox, Guardant Health, Honey, Lending Club, N26, PayPal va Rappi kabi yuzlab muvaffaqiyatli kompaniyalarga sarmoya kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘tgan oy Plug and play platformasi vakillari 2022 yil oxirigacha Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochishi haqida AKT vazirligi ma’lum qilgan edi.