«Olimpik» futbol klubining umumiy boshqaruvi MOQ raisi o‘rinbosari Saken Polatovga topshirilmoqda, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish maqsadida tashkil etilgan «Olimpik» futbol klubiga faoliyatini yanada kuchaytirish, oldinga qo‘yilgan vazifalarni puxta amalga oshirish yo‘lida klubga yangi rahbar MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov tayinlangani aytildi.

U klubning prezidenti sifatida jamoaning umumiy boshqaruvini yuritadi.

Saken Polatov 1975 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. Bungacha u «Lokomotiv» futbol klubiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. 15 iyun kuni «Lokomotiv» klubi matbuot xizmati Server Jeparovning klub sport direktori etib tayinlanganini ma’lum qildi.

U «temiryo‘lchilar» bilan 3 bor mamlakat chempionligini (2016, 2017, 2018) qo‘lga kiritgan. Shuningdek, yana 3 marta O‘zbekiston kubogi (2014, 2017, 2018) bahslarida g‘alaba qozongan. Jamoa uning boshqaruvida 2016 yil Osiyo chempionlar ligasida chorak finalgacha yetib borgan.