«Kvars» AJ ustav kapitalidagi 89,78 foiz aksiyalar paketi sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi UzAssets investitsiya kompaniyasi xabar berdi.

Deloyt xalqaro kompaniyasi ushbu bitim bo‘yicha «UzAssets» kompaniyasining konsultanti vazifasini bajaradi.

«Kvars» O‘zbekistondagi eng yirik silliqlangan shisha listlari va shisha idishlar ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, ichki bozorda shisha qadoqlari va listlari ishlab chiqarishning qariyb 50 foizi hamda shisha bankalar ishlab chiqarishning 95 foizi ulushiga ega.

Jamiyat daromadi 2021 yilda 423 mlrd so‘mni tashkil etgan, bu 2020 yilga nisbatan 37 foizga o‘sgan.

Savdo jarayonlari barcha manfaatdor tomonlarning arizalarini qabul qilish orqali, raqobatga asoslangan jarayon sifatida tashkil etiladi. Ishtirokchilar ingliz, rus yoki o‘zbek tillarida tayyorlangan xat ko‘rinishidagi arizalarni, 2022 yil 29 iyul Toshkent vaqti bilan soat 18:00 dan kechiktirmay kompaniya elektron manzillariga yuborishi kerak.