Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning yangilangan reytingida olti pog‘onaga yuqorilab, 83-o‘rindan 77-o‘ringa ko‘tarildi.

31 martdagi so‘nggi yangilanishdan buyon terma jamoa Osiyo kubogi saralash turnirida Shri-Lanka (3:0), Maldiv orollari (4:0) va Tailand (2:0) termalariga qarshi uchta o‘yin o‘tkazdi. Reytingda bosh murabbiy Srechko Katanets shogirdlari Isroil va Xitoy terma jamoalari o‘rtasida joylashgan.

Osiyo futbol konfederasiyasi terma jamoalari orasida Eron (23-o‘rin) eng yaxshi o‘rinni qayd etgan bo‘lsa, Yaponiya (24), Janubiy Koreya (28), Avstraliya (39), Qatar (49) va Saudiya Arabistoni (53) keyingi o‘rinlarda bormoqda. Eron va Yaponiya terma jamoalarining umumiy reytingdagi natijalari pastlagan bo‘lsa, yuqorida sanab o‘tilgan terma jamoalarning ko‘rsatkichlari yaxshilangan.

Kuchli uchlikda ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Braziliya terma jamoasi yetakchilik mavqeini saqlab qoldi, Belgiya esa hamon ikkinchi o‘rinda bormoqda. Argentina terma jamoasi oxirgi paytlarda ko‘rsatayotgan o‘yinlari va mag‘lubiyatsiz seriya, Finalissima — 2022 dagi g‘alaba evaziga reytingda uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Fransiya bir pog‘ona pastladi.

FIFA talqini bo‘yicha eng kuchli 10 ta jamoaning reytingi:

  • Braziliya — 1837;
  • Belgiya — 1821;
  • Argentina — 1770;
  • Fransiya — 1764;
  • Angliya — 1737 yil;
  • Ispaniya — 1716;
  • Italiya — 1713;
  • Niderlandiya — 1679;
  • Portugaliya — 1678;
  • Daniya — 1665 yil.

FIFAning umumiy reyting natijalari.