O‘zbekistonda davlat tashkilotlarining ish faoliyatini raqamlashtirish maqsadida hrm.argos.uz platformasi ishlab chiqildi. Mazkur platforma orqali kadrlar bilan ishlash tizimi to‘liq raqamlashtiriladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Seshanba kuni matbuot anjumanida agentlik mazkur platforma taqdimotini o‘tkazdi.

Platformaning asosiy modullari beshta:

  • «Tashkiliy-shtat tuzilmasi» — shtat lavozimlari, shtat jadvali, xodimlarning taqsimlanishi, tashkiliy tuzilmalar;
  • «Xodimlar hisobi» — xodimlar ro‘yxati, xizmat safarlari, kasallik varaqalari, ta’tillar;
  • «Hujjatlar» — buyruqlar, lavozim yo‘riqnomalari, arizalar shakllari, Nizomlar, yangi xodimlar uchun hujjatlar, ma’lumotnomalar (spravkalar), obyektivkalar va T2-shakl va h.k.
  • «Ish vaqti hisobi» — ish vaqtini rejalashtirish, davomat, ish vaqti hisobi tabeli;
  • «Xodimlarni rejalashtirish» — vakansiyalar, kadrlar zaxirasi, mukofotlar, malaka oshirish, jazolar.

Shuningdek, platformada quyidagi tizimlar mavjud:

  • «Hisobotlar» quyi tizimi;
  • «Ma’lumotlarni saqlash» quyi tizimi;
  • «Ma’murlash» quyi tizimi;
  • «Foydalanuvchilarning yagona reyestri» (MC-KADR.ID) quyi tizimi;
  • «Ma’lumotnomalar» (MC-KADR.REGISTRY) quyi tizimi.

Shu bilan birga, doimiy ravishda kadrlar bo‘linmalari rahbarlarining malakasini oshirishga qaratilgan maxsus kurslar tashkil etiladi. Maxsus kurslar yakunida davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonlari va istiqbollarini monitoring va tahlil qilish hamda ushbu sohadagi muammolar va tahdidlarning oldini olish, ochiqlik, professionallik va hisobdorlik tamoyillariga asoslangan xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishning innovatsion usullarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti joriy etildi.

Bu esa davlat fuqarolik xizmatining o‘sish nuqtalarini belgilash, sohani yanada rivojlantirish hamda sifat ko‘rsatkichlarining oshishiga xizmat qilmoqda.

Endilikda Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy apparat kompleksiga kiritilayotgan ma’lumotlar to‘liqligini ta’minlash, vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz orqali amalga oshirishga qat’iy rioya etish talab etiladi.

Shuningdek, kadrlarni boshqarish, baholash, masofaviy o‘qitish va rivojlantirish jarayonlarini davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot tahlil tizimi tarkibidagi platformalari yanada takomillashtiriladi.