Namanganda qalbaki kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxsni ushladi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi muqaddam Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan sudlangan 1986 (y.t) fuqaro T.Sh. shaxsiy tintuvdan o‘tkazilgan. Shunda uning yonida 10 600 dollar miqdoridagi qalbaki chet el valyutasi borligi aniqlangan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida u qalbaki xorijiy valyutalarni Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1986 y.t. M.B.dan olganligi ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan Tinar ismli shaxs tomonidan aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga o‘tkazilgan ushbu qalbaki valyutalar Toshkent shahrida muomalaga chiqarilishi kerak bo‘lgan.

Hozirda holat yuzasidan T.Sh. va M.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.