«O‘zbekkosmos» agentligi bosh direktori Shuxrat Kadirov boshchiligidagi ishchi guruhi Fransiyaga tashrifi davomida «Airbus Defence & Space»ning sho‘ba korxonasi «Airbus DS GEO Intelligence» kompaniyasi bosh direktori E. Perez bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik O‘zbekistonda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, kosmik monitoring doirasida yerni masofadan zondlash ma’lumotlaridan foydalanish va davlat kosmik monitoringi dasturini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Fransiya kompaniyasi esa dastur doirasidagi loyihalar doirasida kosmik suratlar bilan ta’minlashga tayyorligi bildirdi.

Fransiya tomonining taklifi asosida, dastlab, virtual stansiyadan foydalanish orqali yerusti stansiyasini joylashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Loyihani amalga oshirishning umumiy muddati barcha texnik hujjatlarni tasdiqlash, o‘rnatish va ishga tushirish, shuningdek, Agentlik mutaxassislarini o‘qitish muddatlarini hisobga olgan holda kamida 2 yilni tashkil etadi. Agentlik qabul qilish stansiyasini kelgusida birgalikda ishlatish imkoniyati orqali xarajatlarni taqsimlashni ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Unda tomonlar amaldagi «Airbus DS GEO Intelligence» kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh turkumi doirasida O‘zbekiston manfaatlari uchun Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshini yaratish imkoniyati muhokama qilindi. Ushbu mexanizm kompaniyaning O‘zbekiston hududidagi barcha turkumlariga eksklyuziv egalik huquqini va potensial O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshidan «Airbus DS GEO Intelligence» kompaniyasi orqali ma’lumotlarni birgalikda sotish imkonini beradi, deyiladi xabarda.

Agentlik tomonidan mahalliy mutaxassislarning malakasi va texnik salohiyatini oshirish muhimligini ta’kidladi. «Airbus DS GEO Intelligence» kompaniyasi Agentlik xodimlari uchun qisqa kurslar o‘tkazish imkoniyatini tasdiqladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mutasaddi idoralar vakillari ishchi guruhini «Airbus DS GEO Intelligence» kompaniyasiga tashrifini tashkil etish masalasini o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.