Samarqandda fuqaroni tug‘uruqxonaga hamshira vazifasiga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan direktor o‘rinbosari ushlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati.

Samarqand shahrida yashovchi, RSHTTYOIM Samarqand filialining o‘rindoshlik asosida yangi texnologiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlovchi T.M. fuqaro X.ni tanishlari yordamida Samarqand shahridagi 4-sonli tug‘uruqxonaga hamshira vazifasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilganligi aytilmoqda.

Huquq-tartibot idoralarining o‘tkazgan tezkor tadbiri natijasida direktor o‘rinbosari T.M. fuqaro X.dan 1 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan, deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.