Surxondaryo viloyatida budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlariga barham berish hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan yig‘ilish jarayonida 8 nafar davlat xizmatchisi DXX tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, budjet va kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan 1 nafar sobiq bank xodimi va 7 nafar turli tashkilot xodimlari qamoqqa olingan.

Berilgan tafsilotlarga ko‘ra, joriy yil may oyida «Surxondaryodonmahsulotlari» AJga qarashli «Alpomish» un tegirmoni sobiq rahbari D.A. va ombor mudiri F.A. qiymati 12 mlrd 87 mln so‘m bo‘lgan 2884 tonna don mahsulotini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida D.A. o‘zi tomonidan talon-toroj qilingan 616 tonna don mahsuloti uchun yetkazilgan zararni, ya’ni 2 mlrd 607 mln so‘mni to‘liq qoplagani uchun unga nisbatan qo‘llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasi «garov»ga o‘zgartirilgan.

Shuningdek, mazkur jinoyat ishi doirasida «Muzrabot don qabul qilish shoxobchasi» sobiq mudiri O.I. «Alpomish» un tegirmoni sobiq rahbari Yo.O.lar katta miqdordagi don mahsulotlarini talon-toroj qilgani aniqlangan. Natijada ularga nisbatan ham «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, un tegirmoni sobiq rahbari (Yo.O)ning qiymati 4 mlrd 886 mln so‘mlik 1 ming 166 tonna don mahsulotini talon-toroj qilgani aniqlangan. Tergov jarayonida sobiq rahbarga tegishli bo‘lgan qiymati 5 mlrd 400 mln so‘mlik ko‘chmas mulk obyektlari xatlovga olingan. Shu sababli unga nisbatan qo‘llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasi ham «garov»ga o‘zgartirilgan.

Shuningdek, ombor mudiri F.A. hamda tegirmon katta tahlilchisi X.J.lar tomonidan jinoiy yo‘l bilan topilgan 2 ta «Jentra» rusumli yengil avtomashina ham tegishli tartibda xatlandi.

Yana bir holatga ko‘ra, 2021 yilda Sho‘rchi tumanidagi «Shurchi Indenim Klaster» MCHJ tassarufidagi 1376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan. Amalda texnologiya 142,7 gektar maydonda barpo etilib, pudratchi «Agro new drip» MCHJ tomonidan ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagan.

Hisobotlarda esa ishlarning to‘liq bajarilgani ko‘rsatilgan. Bu esa katta miqdordagi subsidiya mablag‘larining ajratilishiga sabab bo‘lgan. O‘rganishlar davomida «Amu-Surxon» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i T.A. va ushbu boshqarmada faoliyat yuritib kelayotgan ayrim mas’ul shaxslar davlat budjetidan subsidiya mablag‘lari ajratilishi haqidagi imkoniyatdan qasddan foydalanib, yuqoridagi 142,7 gektar maydondan tashqari, qo‘shimcha 993 gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgani haqida soxta hujjatlar tuzgan.

Oqibatda «Shurchi Indenim Klaster» MCHJga 6 mlrd 747 mln 640 ming so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari asossiz ajratilgan va iqtisodiyotga katta miqdorda zarar keltirilgan. Mazkur holat yuzasidan T.A.ga gumonlanuvchi sifatida «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda esa «Shurchi Indenim Klaster» MCHJ mas’ul shaxslari tomonidan keltirilgan 6 mlrd 747 mln 640 ming so‘mlik zararning davlat foydasiga undirilishi ta’minlangan. Shu sababli unga nisbatan qo‘llanilgan «qamoq» ehtiyot chorasi «garov»ga o‘zgartirildi.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.