23 iyun kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqovning axboroti eshitildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, 2019−2021 yillarda jami 300 ta kino mahsuloti — 63 ta badiiy, 126 ta hujjatli film, 10 ta serial, 24 ta multfilm, yosh kino ijodkorlari ishtirokidagi 60 ta qisqa metrajli film, 3 ta bolalar yumoristik kinojurnali, 14 ta videorolik yaratilgan.

Shunga qaramasdan senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganini tanqid qildi.

Bundan tashqari, «Kinematografiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga kiritilmagan. Shuningdek, sohada mutaxassis kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan O‘zbekiston kinematografiya akademiyasi hamda uning qoshida filmlar ijodiy guruhi ikkinchi tarkib mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan o‘rta maxsus ta’lim muassasalari tashkil etilmagan.

«Respublika hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish (2019 yilgacha 49 ta qurilishi reja qilingandi) ishlari yakuniga yetkazilmagan. Agentlikning hududiy bo‘limlari moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirgan, to‘liq faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan. Ushbu bo‘limlarda kinomarketing yo‘lga qo‘yilmagan», — deyiladi xabarda.

Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, kinematografiya sohasida qaroqchilikka qarshi kurashish, mualliflik huquqlarini himoya qilish, telekanallar, Internet veb-resurslari va platformalar orqali filmlar namoyishlarini tartibga solish, rag‘batlantirish va jazolash mexanizmlarini amaliyotga joriy etish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Original kino mahsulotlaridan noqonuniy foydalanish hamda kontrafakt kino mahsulotlarini tarqatish, mahalliy telekanallarda xorijiy va milliy kino mahsulotlarini noqonuniy namoyish etishga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlanmagan.

Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi huzurida Axborot multimedia striming platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan, deyiladi xabarda.

Respublikada faoliyat yuritayotgan kinoteatrlarni davlat tiliga dublyaj qilingan xorijiy filmlar bilan ta’minlash tizimi joriy etilmagan.

Majlis davomida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat vakillari hamda vazirlik-idoralar mas’ullariga tegishli vazifalar belgilab berildi.