Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi yo‘llarni ta’mirlashda budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu DXX, Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda ma’lum bo‘ldi.

Xususan, 2020−2021 yillarda Boyovut tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan tumandagi umumfoydalanuv avtomobil yo‘llari va «Obod qishloq» dasturiga asosan ichki yo‘llarda amalga oshirilgan qayta ta’mirlash ishlari nazorat o‘lchovidan o‘tkazilgan.

Natijada mazkur korxona mansabdor shaxslari hisobotlarga bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali jami 1 mlrd. 525 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari ma’lum bo‘ldi.

Hozirda Boyovut tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167- («O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») va 209- («Mansab soxtakorligi») moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.