Afg‘oniston Islom Amirligi matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid o‘zining Twitter`dagi sahifasida milliy va xalqaro tashkilotlar kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish va jabrlangan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun gumanitar yordam yubora boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda mahalliy Baxtar axborot agentligi xabar berdi.

Hukumat vakili Pokistonning 8 ta yuk mashinasiga ortilgan yordam yuklari talofat ko‘rgan hududlarga yetkazilgani, qolaversa, Erondan va Qatardan Kobulga birinchi tibbiy yordam vositalari ortilgan 2 ta yuk samolyoti yetib kelganini ta’kidlagan. Yuklar tez orada jabrlanuvchilarga yetkaziladi.

Turk Qizil yarim oy jamiyati ham Xost va Paktika viloyatlarida sodir bo‘lgan fojiali zilzila jabrdiydalariga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni boshlashini qayd etdi.

Chorshanba kuni Xost, Paktika va mamlakatning boshqa janubiy viloyatlarida 6,1 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi, natijada 1000 dan ortiq kishi yaralandi, ko‘plab uylar vayron bo‘ldi, shuningdek, voqeaga hamdardlik bildirgan qator davlatlar zudlik bilan qurbonlarning oilalariga gumanitar yordam ko‘rsatishini e’lon qildi. Shu qatori O‘zbekiston TIV ham Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

BBC nashrining yozishicha, Tolibon rasmiylari xalqaro yordamni ko‘paytirishga chaqirmoqda, aloqa tarmoqlari ham jiddiy zarar ko‘rgani aytilmoqda.

Paktika markazidagi kasalxonada bo‘lgan bir ayol jurnalistlarga oilasining 19 nafar a’zosini yo‘qotganini ma’lum qildi.

«Oilamdagi bir xonada yetti kishi, boshqa xonada beshta, boshqa xonada to‘rtta, keyin boshqa xonada uchta odamning hammasi vafot etdi», — dedi u.

Zilzila sodir bo‘lgan hududlardan biri bo‘lmish Paktika viloyatida suv toshqinlari ham kuzatildi. Davlatning Tabiiy ofatlarga qarshi kurash vazirligi mamlakatning 8 ta viloyati, Paktika, Kunar, Lag‘mon, Badaxshon, Bag‘lon, Taxor, Qunduz va Faryobda seshanba kuni sodir bo‘lgan suv toshqinlari natijasida 11 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. 50 kishi yaralangan, 500 dan ortiq uy va 3500 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari vayron bo‘lgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, suv toshqinlari oqibatida 20 km yo‘l yopilgan va 1000 chorva ham nobud bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar, Xitoy, Germaniya va mintaqa va dunyoning boshqa ba’zi davlatlari Afg‘onistondagi zilzila qurbonlariga gumanitar yordam ko‘rsatish jarayonini tez orada boshlashga va’da berishgan.

Shu bilan birga, Afg‘oniston Islom Amirligi chorshanba kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari yig‘ilishda Xost va Paktika viloyatlarida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun 100 million afg‘oniy ajratdi.

Avvalroq O‘zbekiston hukumati ham tabiiy ofat oqibatlarini tezroq bartaraf etishda Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgandi.