Seshanba kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv omboridan suv chiqib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. FVV ushbu holatga izoh berdi.

Qayd etilishicha, 22 iyun kuni soat 08:14larda To‘palang suv omboridan chiqayotgan suv keskin ko‘tarilgan. Natijada amaldagi suv tashlamasi rejaviy 70 metr kub sekunddan 2022 yil 22 iyun kuni xozirga vaqtda 110 metr kub sekundni tashkil etmoqda.

FVVning xabariga ko‘ra, To‘palang GES suv ombor loyihasi quvvati 400 mln metr kub, amalda esa 378,87 mln metr kubni tashkil etmoqda.

«Suv omborining mustaxkamligiga ziyon yetmagan, ayni vaqtda chiqarilayotgan suv hajmini kamaytirish ishlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz» muxbirining so‘zlariga ko‘ra, videoda ko‘rinayotgan bino bu GESning eski inshooti bo‘lib, 2021 yildan beri bu yerda yangi agregatlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Agregatlarga ombordan tushuvchi suv yo‘li esa yopib qo‘yilgandi. Videolardan esa aynan ushbu binodan suv chiqayotganini ko‘rish mumkin.

Mazkur holatga «O‘zbekgidroenergo» matbuot xizmati ham munosabat bildirdi. Unda ta’kidlanishicha, To‘palang suv ombori to‘g‘oni suv qo‘yib yuborgani va atrofni suv bosganligi haqidagi xabarlar asossiz (feyk) va havotirga o‘rin yo‘q.

«Hozirda To‘palang suv ombori qoshida barpo etilgan To‘palang GESda 2-komponent modernizatsiya loyihasi amalga oshirilayotganligi munosabati bilan bosimli quvurda sinov ishlari o‘tkazilgan vaqtda bosim quvuri to‘sini orqali 40 metr kub suv chiqqan. To‘g‘on bilan bog‘liq muammo mavjud emas. Xavotirga o‘rin yo‘q!», — deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda ushbu nosozlik to‘liq bartaraf etilgan, 40 metr kub suv to‘liqligicha kanalga yo‘naltirilgan.