Innovatsiyalar rivojlangani sayin texnologiyalar ham yangi darajaga ko‘tarilmoqda. Bunga, albatta, dunyoda sodir bo‘layotgan global va mahalliy miqyosdagi hodisalar, raqobat va boshqa omillar ham sabab bo‘lmoqda. Pandemiyadan keyin ham hayotimiz birmuncha o‘zgardi. «Tinkoff Jurnal» aynan ushbu o‘zgarishlar, 2022 yil va undan keyingi yillarda kutilayotgan trendlar ro‘yxatini e’lon qildi. «Gazeta.uz» ushbu trendlar haqidagi ma’lumotlarni sizning e’tiboringizga havola etadi.

2022 yil va yaqin yillardagi texnologik trendlar

Blokcheyn. 2021 yilda blokcheyn bozorining umumiy hajmi 4,93 mlrd dollar deya baholangan. 2028 yilgacha bu ko‘rsatkich 227,99 mlrd dollargacha oshishi kutilmoqda. Xo‘sh, blokcheyn o‘zi nima?

Blokcheyn — bloklarning uzluksiz zanjiri bo‘lib, ularda barcha shartnomalar haqidagi ma’lumotlar saqlanadi. Blokcheynga bo‘lgan qiziqish kriptovalyutalar bilan birga ortdi. An’anaviy ma’lumotlar bazalaridan farqli o‘laroq, bu ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki o‘chirish mumkin emas, faqat qo‘shish mumkin.

Blokcheyn hozirda nafaqat moliya sohasida, balki shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash, identifikatsiya, marketing va kompyuter o‘yinlari sohalarida ham keng qo‘llanilmoqda.

Blokcheyn bozorining yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 72,9%. Bozordagi eng yirik vakillar: Coinbase, Block, DocuSign Inc.

Metaborliq. Bu internet rivojlanishining navbatdagi bosqichi, insonlar texnologiyalar yordamida o‘zaro va turli raqamli predmetlar bilan munosabat qiladigan virtual-interaktiv makon. Oldinroq metaborliq va uning kelib chiqishi haqida batafsil ma’lumot bergan edik.

Metaborliq bozorining hajmi 2021 yilda 63,83 mlrd dollarni tashkil etdi. 2022 yilda u 100,27 mlrd dollarni, 2029 yilga kelib esa taxminan 1 trln 527,55 mlrd dollarni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Metaborliq bozorining yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 47,6%. Bozordagi eng yirik vakillar: Meta (Facebook), Unity Software, Roblox Corp.

Narsalar interneti (IoT). Narsalar interneti — Internet of Things (IoT) — bu inson aralashuvisiz vazifalarni bajarishga imkon beradigan bir-biriga bog‘langan qurilmalar dunyosi.

Narsalar interneti sohasiga misol qilib, aqlli uylar (smart house), smartfonlar, qahva qaynatgichlar, muzlatgichlar, svetofor tizimlari, salomatlik monitoringi texnologiyalari kabilarni va bularning barchasini qo‘llash texnologiyalarini keltirish mumkin.

Bozor hajmi 2021 yilda 384,7 mlrd dollarga baholangan. 2022 yilda u 478,36 mlrd dollargacha, 2029 yilga kelib esa 2 trln 465,26 mlrd dollargacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.

IoT bozorining yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 26,4%. Bozordagi eng yirik vakillar: Cisco, Qualcomm, Zebra Technologies Corp.

Telemeditsina. Bu tibbiy xizmatlarini, birinchi navbatda, ko‘riklar va konsultatsiyalarni masofadan turib ko‘rsatishdir. Texnologiya xarajatlarni kamaytirish, tibbiy yordam samaradorligi va chekka hududlarni ham sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish darajasini oshirish imkonini beradi. Pandemiya davrida bunga bo‘lgan talabning oshishi ushbu sohaning kelgusidagi rivojiga, e’tiborning kuchayishiga olib keldi.

Teletibbiyot bozorining hajmi 2021 yilda 70,4 mlrd dollarga baholangan. 2022 yilda 91,2 mlrd, 2030 yilda esa 431,82 mlrdga yetishi prognoz qilinmoqda.

Telemeditsina bozorining yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 25,9%. Bozordagi eng yirik vakillar: DexCom Inc,Teladoc Health Inc, Change Healthcare Inc.

Kvant hisob-kitoblar. Bu qanday soha?

Ma’lumotlarni uzatish va qayta ishlash uchun kvant mexanikasi tamoyillari qo‘llaniladi. Bu zamonaviy superkompyuterlar qodir bo‘lganidan trillion marta ko‘proq hisoblash quvvatiga erishish imkonini beradi. Mana shu vazifa kvant hisob-kitoblar sohasining maqsadi hisoblanadi.

Ushbu bozor 2021 yilda 487,4 mln dollarga baholangan va 2030 yilga kelib 3,73 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.

Kvant hisob-kitoblar bozorining yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 25,4%. Bozordagi eng yirik vakillar: Microsoft Corp, IBM, Intel Corp.

3D-bosma. So‘nggi yillarda ushbu texnologiya ishlab chiqarishga faol tatbiq etilmoqda. Pandemiya davrida, yetkazib berish zanjirlari buzilganida, 3D-bosmadan foydalangan holda ko‘plab qismlarni joyida ishlab chiqarish qo‘shimcha chora bo‘ldi.

Bu texnologiya, ayniqsa, oziq-ovqat sanoatiga shiddat bilan kirib kelmoqda. Spagettidan to pitssagacha tayyorlaydigan 3D-printerlar paydo bo‘ldi. 2021 yilda hattoki go‘shtni bosib chiqaradigan 3D-printerlar asosida yangi ko‘rinishdagi mol go‘shtini yetishtirib, bozorga chiqaradigan bir nechta startaplarga ham asos solindi.

3D-printerlar bozori hajmi 2021 yilda 12,6 mlrd dollarga baholangan. 2026 yilga borib 34,8 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.

Bozordagi yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 22,5%. 3D-printerlar bozoridagi eng yirik vakillar: 3D Systems Corp, Desktop Metal, Autodesk.

Sun’iy idrok (SI). AI (artificial intelligence — sun’iy idrok) — turli vazifalarni bajarish uchun inson xatti-harakatlariga taqlid qila oladigan tizimdir. U ko‘plab sohalarda: robototexnika, raqamli yordam, nutq egasini tanish, uchuvchisiz transport vositalari va shu kabilarda qo‘llaniladi.

2021 yilda SI global bozorining hajmi 328,34 mlrd dollarga baholandi. Bozor hajmi 2022 yilda 387,45 mlrd dollarga, 2029 yilgacha esa 1 trln 394,3 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.

Bozordagi yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 20,1%. SI bozoridagi eng yirik vakillar: NVIDIA, Amazon, Alphabet Class C (Google).

Kiberxavfsizlik. Yuqoridagi texnologiyalar rivojlanishda davom etar ekan, kiberxavfsizlikka bo‘lgan ehtiyoj ham o‘z-o‘zidan oshib boraveradi.

Kiberxavsizlik — tarmoq, ma’lumot va shaxsiy ma’lumotlarni kibermakondagi hujumlardan himoya qilish sohasi hisoblanadi. Kiberxavfsizlik texnologiyalari SI, mashinalarni o‘rganish va narsalar interneti kabi sohalari bilan chambarchas bog‘liq.

2021 yilda kiberxavfsizlik bozori 132,94 mlrd dollarga baholandi. Prognozlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 155,83 mlrd, 2029 yilga kelib 376,32 mld dollarni tashkil etadi.

Bozordagi yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi — 13,4%. Kiberxavfsizlik bozoridagi eng yirik vakillar: Fortinet Inc, Crowdstrike Holdings Inc, Check Point Software Technologies.