Jahon banki (JB) va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mamlakatda qashshoqlikka qarshi kurashish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan yosh fotosuratchilar o‘rtasidagi qo‘shma tanlov natijalarini sarhisob qildilar. JB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tanlovning hakamlar hay’ati ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekistonning turli hududlaridan 170 dan ortiq foto asarlar taqdim etildi.

Joriy yilning aprel va may oylarida o‘tkazilgan tanlovdan ko‘zlangan maqsad fotosuratchilik orqali jamoatchilik e’tiborini mamlakatdagi qashshoqlikka qarshi kurash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga qaratishdan iborat.

Tanlov ishtirokchilariga o‘z ishlarida bir nechta yo‘nalishlarda e’tiborni jamlash taklif etildi, jumladan: qashshoqlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, xususiy sektorda ish o‘rinlarini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, iqtisodiyotning barqaror ekologik o‘sishi, gender tengligi, qarorlar qabul qilishda fuqarolarning ishtiroki va hokazo.

«Tanlov mavzulari Jahon banki guruhining 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik strategiyasining ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi. Uni amalga oshirish jarayonida biz hukumatga inklyuziv bozor iqtisodiyotini qurish, 2026 yilgacha qashshoqlikni ikki barobar kamaytirish va O‘zbekistonning 2030 yilgacha daromadi o‘rtadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishida qo‘llab quvvatlaymiz», — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Tanlovda 40 dan ortiq havaskor va professional fotosuratchilar ishtirok etdi. Tanlov mezonlari asosida Jahon banki va Badiiy akademiya vakillaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari tanlovning uchta g‘olibini va uchta maxsus mukofot sovrindorlarini aniqladilar.

21 iyun kuni Badiiy akademiyada Badiiy akademiyaning raisi Akmal Nuriddinov (Akmal Nur), Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda Akademiyaning professor — o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov g‘oliblariga va maxsus mukofotlar sovrindorlariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Quyidagi ishtirokchilar 1- 3- o‘rinlarni egallab tanlov g‘oliblari bo‘ldilar:

  • Madina Ergasheva, qish mavsumida qishloq ahli boshidan kechiradigan qiyinchiliklarga bag‘ishlangan foto asarlar turkumini taqdim etgan. Uning foto hikoyasi joriy yilning yanvar oyida «Gazeta.uz» sahifalarida chop etilgan.
  • Abdunazar Vaybullayev, qishloq yoshlariga bag‘ishlangan foto asarlar turkumini taqdim etgan.
  • Sirojiddin Vohidov, shaharlar va milliy san’atning rivojiga bag‘ishlangan foto asarlar turkumini taqdim etgan.

Hakamlar hay’ati, shuningdek, tanlovning maxsus nominatsiyalarida quyidagi qatnashchilarning foto asarlarini yuqori baholadi:

  1. Yevgeniy Sorochin, katta shahar aholisiga bag‘ishlangan foto asarlar turkumini taqdim etgan.
  2. Muhammad Sadriddinov, to‘qimachilik korxonalarida ishlaydigan xotin-qizlar mehnatiga bag‘ishlangan foto asarlar turkumini taqdim etgan.
  3. Farida Abdukarimova, mahalla ahliga bag‘ishlangan foto asarlar turkumini taqdim etgan.

Tanlov g‘oliblari va maxsus sovrindorlarining ijodiy ishlari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.