23−27 iyun kunlari — payshanbadan dushanbagacha O‘zbekistonning ayrim joylarida kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlariga sel kelishi mumkin. O‘zgidromet tabiiy ofat xavfi yuqori bo‘lgan hududlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Unga ko‘ra:

  • Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
  • Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobod tumanlarida;
  • Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Poyariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
  • Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
  • Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
  • Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar va dam oluvchilar hamda tog‘li xududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni O‘zgidromet haftaning ikkinchi yarmida respublika hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishini ma’lum qilgandi. Faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarning ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.