InterContinental Hotels & Resorts kompaniyasi 2022 yil oxirigacha InterContinental Tashkent mehmonxonasi ochilishini e’lon qildi. Mehmonxona brendi 15 yillik faoliyatdan so‘ng 2012 yilning may oyida O‘zbekistonni tark etgandi. O‘sha paytda bu shahardagi yagona besh yulduzli mehmonxona edi. Hozirda mehmonxona International Hotel deb ataladi va u davlatga tegishli.

InterContinental Tashkent yangi joyda — shaharning qoq markazida UzTur Investment and Development tomonidan barpo etilayotgan Trilliant Business Park majmuasida joylashadi. Mehmonxonada 216 ta xona, jumladan, 40 ta maxsus lyuks va 2 ta prezident xonalari bo‘ladi.

Majmua Amerika «yashil» imoratlar Kengashi tomonidan sertifikatlangan LEED Gold (Leadership in Energy and Environmental Design) bo‘lgan mamlakatdagi birinchi loyihadir.

Mehmonxonadan xorijiy va Markaziy Osiyo oshxonasidan iborat ikkita restoran, shuningdek, 2500 kvadrat metrdan ortiq konferensiya markazi joy oladi.

1946 yilda tashkil topgan InterContinental Hotels & Resorts dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq mehmonxonaga egalik qiladi.