Afg‘oniston poytaxti Kobul janubidagi Xost shahri yaqinida yuz bergan 6,1 magnitudali zilzila oqibatida Paktika viloyatining to‘rt tumanida mingdan ortiq odamning halok bo‘lgani, shuningdek minglab odamlar jarohat olgani aytilmoqda. Bu haqda Baxtar axborot agentligi ma’lum qildi.

Agentlik ma’lumotga ko‘ra, Afg‘oniston Islom Amirligi bosh vaziri Mulla Muhammad Hasan Ohund hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida Paktika va Xost viloyatlarida zilzila qurbonlarining oilalari uchun 100 mln afg‘oniy — taxminan 1,1 mln dollar ajratganini ma’lum qilgan (avvalroq, mahalliy nashrlar 1 mlrd afg‘oniy — 11,1 mln dollar ajratilganini aytgandi, biroq keyin xabar tahrirlandi).

Mudofaa vazirligi esa jabr ko‘rganlarni evakuatsiya qilish uchun voqea joyiga o‘zining 7 ta vertolyoti va tibbiy brigadasini jo‘natgan. Hozirgacha zilzilada jarohat olgan 100 kishi Paktika viloyatidan Paktiya viloyati kasalxonasiga yetkazilgan.

Afg‘oniston ushbu tabiiy hodisada jabrlanganlarning oilalari va jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun barcha mavjud resurslardan foydalanishini ma’lum qilgan.